Teatr — ma’naviy hayot ko‘zgusi
Mamlakatimizda istiqlol yillarida milliy teatr san’atini rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar yoshlarimizni istiqlol g‘oyalari asosida tarbiyalash, ularning ongu shuuriga jonajon Vatanimizni sevish, ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishdek ezgu g‘oyalarni singdirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, teatrlarimizning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamon talablari asosida jihozlashga katta e’tibor qaratilayapti. Eng muhimi, ularning ijodiy faoliyati yuksalib, turli mavzu va janrlarda yangidan-yangi spektakllar yaratilmoqda.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakulteti talaba-yoshlari O‘zbekiston davlat drama teatriga tashrif buyurdilar. Salohiddin Sirojiddinov qalamiga mansub Bahodir Mirmaqsudov tomonidan sahnalashtirilgan “To‘maris” spektakli talaba-yoshlarimizga qo‘yildi. Miloddan avvalgi VI asrda Turon xalqlarining Ahamoniylar bosqiniga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan jasur sarkarda To‘maris yurtimizda vatanparvarlik timsoli sifatida ulug‘lanib kelinadi. Qadimiy yunon tarixchisi Gerodotning “Tarix“ asarida yozilishicha, Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II miloddan avvalgi 530 yilda Turonga bostirib kirganida, Amudaryo bo‘ylari va Qizilqumda yashagan massagetlar bilan bosqinchilar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lgan.
Uzoq vaqt davom etgan og‘ir jangda massagetlar g‘alaba qozongan. Malika To‘marisning buyrug‘i bilan Kirning kesilgan boshi inson qoni bilan to‘lg‘azilgan meshga solingan. “Qonga juda tashna eding, endi ich, qonxo‘r” – To‘maris tilida aytilgan bu xitob urushga, zo‘ravonlikka qarshi chaqiriq sifatida bugun ham odamlar qalbini larzaga soladi. To‘marisning jasorati va harbiy-siyosiy faoliyati to‘g‘risida xalq dostonlari yaratilgan, jangnoma va rivoyatlar to‘qilgan. Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining “Oysuluv“, Ibrohim Yusupovning “To‘maris“ dostonlari, kompozitor Ulug‘bek Musaevning “To‘maris” baleti ana shu qahramonga bag‘ishlangan.
Milliy istiqlol g‘oyasi, uni yoshlar ongiga singdirish, nafaqat yoshlar, shu bilan birga, katta yoshdagilar qalbiga jo etishda sahna asarlarining ahamiyati beqiyos. Ta’lim-tarbiyada oilaning, maktabning ta’siri qanchalik katta kuchga ega bo‘lsa, teatrning ham mavqei undan kam emas.
“Qishloq va suv xo‘jaligi
energiya ta’minoti” fakultetining Yoshlar
bilan ishlash dekan o‘rinbosari A.Botirov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati