Mahalla yoshlari uchun yangi tuhfa
Jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan mahallada turli yoshdagi, turli kasbda faoliyat yurituvchi, har xil soha vakillari istiqomat qilishadi. Mahalladigilar ham jamiyat istiqboli aqlan va jismonan sog‘lom avlodga qaratilgan e’tibor hamda yaratilgan imkoniyatlarga, sharoitlarga bog‘liqligini yaxshi bilishadi. Mirzo Ulug‘bek tumani “Lashkarbegi” mahallasida yoshlar uchun tashkil etilgan, yugurish, futbol va basketbol maydonchasidan iborat sport majmuasi munosib sovg‘a bo‘ldi. Yashil tusda bejirim bezatilgan futbol maydonchasiga oshiqayotgan bolalarning xursandchiligi cheksiz.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” dasturi asosidagi vazifa va talablarga amaliy javob bo‘lgan ushbu sport majmuasining ochilishida mahalla faollari, mehnat faxriylari, tuman deputatlari hamda TIQXMMIning professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Mazkur tadbirning ahamiyati borasida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, TIQXMMIning rektori, professor O‘ktam Umurzoqov, tuman hokimi Shavkat Ergashev va mahalla faxriylaridan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Muqaddas Abdusamatovalar so‘zga chiqishdi.
Majmuaning ochilishidagi ramziy tasmani qirqish uchun professor O‘ktam Umurzoqov, tuman hokimi Shavkat Ergashev, mahalla faollaridan mehnat faxriylari iste’fodagi polkovnik Abdug‘ani Abduqayumov, nafaqadagi professor Husan Valijonovlar taklif etildi. So‘ngra barcha yam-yashil futbol maydonchasiga kirib o‘z joylarini egallashdi. Barkamol avlod maktabining iqtidorli o‘quvchilari ishtirokida jozib raqslar namoyish etildi. Tadbir nihoyasida mahallaning yosh sportchilari yashil maydonchada to‘p sura boshlashdi. Mahalla faollari ushbu majmuaning ochilishida jonbozlik ko‘rsatgan tuman g‘okimligi va institutimiz rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
TIQXMMI matbuot xizmati