Muzeyga sayohat
Muzey 1965-yilda tashkil topgan. Muzey ekspozitsiyasi Qurolli Kuchlar tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari harbiy san’ati, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari rivojlanishining hozirgi davrini aks ettiradi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jali mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq va suv xo‘jaligi energi ta’minoti” fakulteti talaba-yoshlari Qurolli kuchlar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdilar. Muzeyda buyuk sarkarda Amir Temurga bag‘ishlangan alohida "Temuriylar davri harbiy san’ati" ekspozitsiyasi ham mavjud. Bu yerda harbiy yurishlar xaritalari, askarlar saflanishining sxemalari, qurol-aslahalar, nishonlar va Temuriylar davrining boshqa eksponatlari o‘rin olgan. O‘zbekiston xalqining ikkinchi Jahon urushida ishtirokiga bag‘ishlangan ekspozitsiya ham mavjud. "Mustaqil O‘zbekistonni qo‘riqlash" ekspozitsiyasida qo‘shin turlari, harbiylar hayoti, ularning jangovar va harbiy-siyosiy tayyorgarligi haqida ma’lumotlar olish mumkin. Bino 3 qavatdan iborat bo‘lib, ekspozitsiyalar uch harbiy tarixiy davrga bo‘lib yoritilgan.
Birinchi davr — «Temuriylar davridagi harbiy san’at (14−15 asrlar)» ga bag‘ishlangan. Amir Temurning harbiy sarkarda sifatidagi ko‘p qirrali faoliyati yoritib berilgan. Zal ekspozitsiyalari asosini «Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi uchinchi harbiy yurishi» batal dioramasi tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda «Amir Temur ot ustida» portreti, qurol-yarog‘ namunalari, bayroqlar, «Amir Temur davlati xaritasi», nog‘oralar va h.k. o‘rin olgan. Ikkinchi davr — fashizmga qarshi kurash (1941−1945 yillar) yillarida o‘zbek xalqining qahramonligiga bagishlangan. Har bir ko‘rgazmada u yoki bu jangda qatnashgan o‘zbekistonlik askarlarning shaxsiy anjomlari, jangovar mukofotlari, hujjatlari va boshqa tarixiy buyumlar qo‘yilgan. Zal ekspozitsiyalari xronologik xarakterga ega bo‘lib, Brest qal’asi uchun bo‘lgan janglardan tortib to Berlingacha bo‘lgan janglarni o‘zida yoritgan hamda to‘liq ma’lumot berilgan.
Uchinchi davr — «Mustaqil O‘zbekiston himoyasida» deb nomlanadi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topishi tarixi, uning qonuniy asoslari, qo‘shinlar tarkibi, harbiy hududiy bo‘linmalar — harbiy okruglar, ulardagi qism va qo‘shilmalarning jangovar tayyorgarligi, oliy harbiy bilim yurtlarida harbiy kadrlarni tayyorlash, shu bilan bir qatorda milliy armiyaning xalqaro harbiy hamkorligi, tarbiyaviy, madaniy-ma’rifiy, sport hamda harbiy ommaviy axborot vositalari faoliyati keng yoritilgan. Muzeyning asosiy ish faoliyati ekspozitsiyalar (buyum-ashyolar, hujjatlar, jangovar mukofotlar va qurol-yarog‘lar) orqali yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik, ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakultetining Yoshlar bilan ishlash dekan o‘rinbosari O. Habibullayev axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati