Buxoro shahrida 15-may — “Xalqaro oila kuni” shiori ostida yurish boʻyicha marafon oʻtkazildi
Ushbu tadbir Buxoro viloyat hokimligi tomonidan aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish maqsadida tashkil etildi. Shu kuni ertalab viloyat hokimi oʻrinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilot mutasaddilari va xodimlari, taniqli estrada xonandalari va kino aktyorlari, talabalar, umuman olganda, sogʻlom turmush tarzini salomatlik asosi deb bilgan hamyurtlarimiz Labi Hovuz ansambli yonida jam boʻlishdi.
Marafonda TIQXMMI Buxoro filiali a’zolari ham filial direktori Shavkat Jaxonovich Imomov boshchiligida faol tarzda ishtirok qilishdi. Marafonning ochilish marosimida soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov sogʻlom turmush tarzining ahamiyati xususida soʻz yuritar ekan, bu kabi tadbirlarni keng qamrovda va doimiy tarzda ravishda oʻtkazib turilishi zarurligini taʼkidladi. Sogʻlom turmush tarzining muhim shartlaridan biri boʻlgan yurish va badantarbiya targʻibotiga hissa qoʻshish, bu borada aholi qiziqishini oshirishda barchani faollikka chorladi. Ikki ming nafarga yaqin marafon qatnashchilari Labi-hovuz ansambli oldidan Ark qoʻrgʻonigacha boʻlgan masofani bosib oʻtishdi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, inson salomatligi 55 foiz holatda sogʻlom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor yoʻgʻi 10 foizi tibbiyotga bogʻliq ekan. Demak, sogʻlom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan xoli, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Marafon haqida Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lumotlari va fotosuratlaridan foydalanildi.
TIQXMMI Buxoro filiali matbuot xizmati
TIQXMMI matbuot xizmati