“O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi”ga tashrif

GTQ fakultetining “ITGO” yo‘nalishining 108 va 109 - guruh talabalari “SE va NSF” kafedrasining assistentlari M.S.Berdiyev va B.N.Shodiyevlar raxbarligida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida talabalar O‘zbekiston Respublikasi tarixi va rivojlanish bosqichi yo‘lidagi ma’lumotga ega bo‘ldilar.

1991 yil 31 avgustda o‘zbek xalqi uzoq vaqtlardan beri orziqib kutgan Mustaqillikka erishdi. Hayotimizning barcha sohalari kabi muzeylar faoliyatida ham katta tarixiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 21 aprel qaroriga muvofiq O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi qayta tashkil etildi. Mohiyat – e’tibori bilan qaralganda, tom ma’nodagi zamonaviy va milliy muzeyga aynan shu sanada asos solingan edi. Prezident Islom Karimovning «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida» gi Farmoni (1998 yil 12 yanvar) esa muzeylarimiz rivojidan katta burilish yasadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi Markaziy Osiyoda 120 yildan ortiq tarixga ega, eng ulkan va ko‘hna ilmiy-ma’rifiy muassasa hisoblanadi. Ekspozitsiyadan o‘rin olgan eksponatlar O‘zbekistonning Sharq sivilizatsiyasining qadimiy o‘chog‘idan biri bo‘lganidan darak beradi. Muzey shuningdek, o‘zbek xalqi tarixining muhim bosqichlarini aks ettirgan noyob arxiv materiallar, qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, foto materiallar va h.k. ga ega. Hozirgi kunda O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi eng yirik ilmiy – ma’rifiy markazlardan hisoblanib, uning jamg‘armasida 250 mingga yaqin eksponat mavjud. Ular orasida numizmatika, arxeologiya, tangashunoslik va etnografiyaga oid ko‘plab qimmatli jamlamalar bor.

Dastlabki ekspozitsiyadagi ibtidoiy tuzim davrini ifodalovchi eksponatlar O‘zbekiston hududi Sharq sivilizatsiyasining eng qadimgi o‘choqlaridan biri bo‘lganligidan guvohlik beradi. Dehqonchilik va chorvachilik asosida ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, dastlabki kimyoviy-texnologik bilimlar asosida hunarmandchilikni rivojlanishi, diniy tafakkur rivojida zardo‘shtiylikka asos solinishi, qadimiy Sharqning yuqori darajada rivojlangan markazlari bilan o‘zaro madaniy aloqalar, murakkab ichki tuzilmalarga ega bo‘lgan qal’a va ilk shaharlarning paydo bo‘lishi yirik davlatlarning tashkil topishida katta rol o‘ynadi. Dehqonchilik va chorvachilikning o‘ziga xos rivoji va o‘zaro bog‘liqligi, O‘zbekiston xalqlarining ahmoniylar, grek – makedoniyaliklar va sosoniylarga qarshi kurashi, xorozmiylar, baqtriyaliklar, Farg‘ona davlati hamda Kushon saltanati haqidagi ma’lumotlar ham juda yaxshi yoritilgan. Zallarda namoyish etilayotgan ajdodlarimizning eramizdan avvalgi va eramizning ming yilliklarida madaniyati yuqori bo‘lganligini o‘zida mujassam etgan ashyolar mazmun-mohiyatining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Bularning ko‘pchiligi dunyo madaniyati va san’atining bebaho namunalari hisoblanadi.

Devor yozuvlari, haykaltaroshlik tasvirlari, buddaviylik mavzui bilan bog‘langan me’morchilik ishlari ekspozitsiyadan alohida o‘rin olgan.
O‘zbek xalqining o‘rta asrlardagi buyuk madaniy merosi ham ekspozitsiyada o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, Temur va temuriylar davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyada Amir Temur sa’y- harakatlari natijasi o‘laroq, fan va madaniyatning yuqori darajada rivojlanganligi haqida hikoya qiluvchi ko‘plab eksponatlarni ko‘rish mumkin.

XVIII-XIX asrlarda hunarmandchilikning yuksak darajada rivojlanganligi ekspozitsiyadagi sopol, kandakorlik mahsulotlari, Buxoro baxmallari va adraslari hamda zarduzlik san’ati namunalarida o‘z aksini topgan. Shuningdek, mamlakatimizning keyingi taraqqiyoti, xususan, mustamlakachilik davridagi ozodlik uchun olib borilgan kurashlar, ma’rifatparvarlarimizning o‘z vatanini ma’rifatli, farovan va ozod qilish uchun olib borgan kurashlari xaritalar, suratlar, rangtasvir vositalari orqali yorqin namoyon etilgan.

Muzeyning oxirgi ekspozitsiyasi mustaqillikka erishgan O‘zbekiston Respublikasining qisqa davr ichida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalaridagi erishgan ulkan yutuqlariga bag‘ishlanadi. Salkam 14 yil davomida O‘zbekiston jahonda o‘zining munosib o‘rnini topgan davlatlardan biriga aylandi. Qisqasi, tarixiy taraqqiyot va madaniy rivojidagi uzviylik muzey vositalarida millatning bir butun yaxlit tarixi sifatida ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri hisoblangan O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyida o‘zbek xalqining tarixi xolisona yaratildi. Lekin bir vaqtda vatanimizdan tashib ketilgan behisob va nodir yodgorliklarimizni boshqa muzeylarda ko‘rganimizda, yuragimizdagi o‘kinch va armonlarimiz qalbimizni tirnaydi.

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov