QISHLOQ VA SUV XO‘JALIGINING ZAMONAVIY MUAMMOLARI YOSHLAR NIGOHIDA.

2021 yilning 25 may kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Qishloq va suv xo‘jaligining zamonaviy muammolarini yechish, ilmiy-uslubiy va huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda kadrlar tayyorlash borasida yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalarning ilmiy izlanishlari natijalarini muhokama etish va ommalashtirish maqsadida “QISHLOQ VA SUV XO‘JALIGINING ZAMONAVIY MUAMMOLARI” mavzusidagi an’anaviy XX - yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalarning  ilmiy -amaliy anjumanining ochilish marosimi ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etildi.

Anjuman avvalida, institut rektori U.P.Umurzakov anjuman haqida so‘z yuritib, bugungi kunda ilmiy-innovatsion izlanishlar sohasini rivojlantirish, xususan ularda yoshlarning faolligini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida ta’kidlab, anjumanga 11 ilmiy izlanish yo‘nalishlarida 700 dan ortiq ilmiy ishlar bo‘yicha maqolalar kelib tushganligini bildirib o‘tdi va anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng, anjuman mehmoni O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator A.Z.Sa’dullaev so‘zga chiqib, har qanday jamiyat va mamlakat rivojlanish istiqbollarini aynan ilmiy sohada o‘z izlanishlarini olib borayotgan intellektual yoshlar belgilab berishi va bugungi kundagi yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar haqida ta’kidlab, yoshlarni bu imkoniyatlardan keng foydalanishga, yurtimizning yanada rivojlanishiga barcha yoshlar o‘z xissasini qo‘shishiga chorladi.

Shuningdek anjuman bilan tabriklash va ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktori O.A.To‘ychiev so‘zga chiqib yangi innovatsion g‘oyalarni qo‘llashda mana shu kabi anjumanlarning o‘rni beqiyosligi haqida ta’kidlab o‘tdi. 

Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi” raisi o‘rinbosari A.E.Qurbonov ham so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tilash bilan birgalikda mamlakat agrar va suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil olgan mutaxassislarni olib borayotgan ishlari va yutuqlari haqida ta’kidlab, barcha maqolalar o‘zida qonunchilikdagi yangiliklarni qamrab olganligini alohida keltirib o‘tdi. 

Shundan so‘ng, institut bitiruvchilaridan “El-yurt umidi” fondi stipendianti, Kanadaning Alberta universiteti magistranti, D.A.Yangiev “Alberta universitetida o‘qish boshlagan talabaning tajribasi” mavzusida o‘zining xorijda taxsil olish, xalqaro grantlarda ishtirok etish borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Anjuman davomida navbat plenar ma’ruzalarga berildi va iqtidorli talabalardan M.S.Jalilov, R.R.Yigitalieva, magistrant D.M.Akbarov,  doktorant I.I.Abdurahmonov, TIQXMMI Buxoro filiali talabasi B.N.Atamurodovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. 

Ochilish marosimi yakunida, anjumanga topshirilgan 700 ga yaqin maqolalarni qanday tartibda himoya qilinishi bo‘yicha institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori T.Z.Sultanov ma’lumotlar berib o‘tdi. Barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilagan holda  anjumanning asosiy ma’ruzalariga navbat berildi. 

Eslatib o‘tamiz anjuman 25-26-may kunlari ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot
ishlarini tashkil etish bo‘limi axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati