Markaziy Osiyo yoshlarini do‘stlikka chorlagan sayohat
"Suv, ta’lim va hamkorlik" (Smart Waters) loyihasi ishtirokchilarining Surxondaryo viloyatiga tashrifining ilk kuni haqida xabar bergan edik. Ushbu sayohat Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi(USAID), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish tarmoq markazi hamkorligida ta’lim va hamkorlik" (Smart Waters) loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Loyiha qatnashchilari qadim Surxon vohasi bo‘ylab safarini davom ettirib, Sariosiyo tumanining yuqori qismida joylashgan "To‘polon" suv omboriga bordi. "To‘polon" suv ombori Hazrati Sulton tog‘ining dengiz sathidan 3800 metr balandlikda joylashgan. 1986 yilda ishga tushgan suv ombori to‘sinining eni 410 metr. "To‘polon" daryosi yo‘li to‘silib suv omborga aylantirilgan. Ushbu daryoning uzunligi 25 km.dan ortiqroq. Hozirda suv omborining eng chuqur joyi 185 metr, suv to‘plash hajmi 500 mln kub metrni tashkil etadi. Ayni paytda suv zahirasi 336 mln kub metrdan ortiqroq. Ushbu suv ombori viloyatning 202 ming gektardan ortiq hosildor yerini suv bilan ta’minlaydi", dedi majmua bosh muhandisi Temurmalik Mirzayev. "Ayni paytda suv ombori quyi qismida "To‘polon" GES ham bor. U yerda ikkita, quvvati 25 megavatt bo‘lgan yangi elektr ishlab chiqaruvchi generator o‘rnatilgan. Shuningdek, daryo oqimi bo‘ylab quvvati 75 megavatt bo‘lgan "Zarchob 1-2" GES qurilishi davom etmoqda", dedi T.Mirzayev. Ha, aytgancha suv omborining shundoqqina yonida dengiz sathidan deyarli 4000 metr balandlikda O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turibdi, pastroqda esa gerb ham ajoyib tasvirlangan. Loyiha ishtirokchilari suv omborining ahamiyati, suv hosil bo‘lish manbai haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Shundan so‘ng talaba-yoshlar "To‘polon" GES faoliyati bilan ham tanishdi. Ayni paytda bu GESda 2 ta, quvvati 72,5 megavattli agregat ishga tushirilishi mo‘ljallanyapti.
Talabalar bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar, o‘rnatilgan agregatlar bilan ham tanishdi. GES ma’muriyatining aytishicha bu yerda farer baliqlari ham yetishtirilayotgan ekan. Dastlab uvildiriqlar sun’iy ko‘lchalarga tashlanadi va parvarishlanadi. Farer baliqlarining boshqalardan farqi u faqatgina tog‘ning toza suvida yashay oladi. Shuning uchun ham narxi biroz qimmatroq. Allaqachon yozning tafti qizdirayotgan bo‘lsa-da, tog‘ning sururli shabbodasi, shiddat bilan oqayotgan "To‘polon" daryosining salqin tafti nafaqat bizga, atrofni tomosha qilib ketayotgan talabalarga ham yoqqani aniq. Yo‘l qanchalik uzoq bo‘lmasin, tabiatning mana bunday manzarasi kishiga yuqori kayfiyat baxsh etadi. Ishonmaysizmi, unda bir kelib ko‘ring, vaqtingiz, naqdingizga achinmaysiz. Safaringiz mazmunli bo‘lishi aniq. Bir necha soatlik yo‘ldan so‘ng, va nihoyat Surxondaryoning tashrif qog‘oziga aylangan "Sangardak" sharsharasiga yetib keldik. Sariosiyo tumanidagi "sigirlar Antalyasi", qoyilmisiz. Har tarafi tog‘lar bilan o‘ralgan jannatmakon o‘lka, Sariosiyo tumanida dengiz sathidan 2 ming metr yuqorida joylashgan, balandligi deyarli 150 metrli "Sangardak" sharsharasi aqlingizni shoshirib qo‘yadi. Mana, o‘zingiz guvohi bo‘ling. Shundan so‘ng manzilimiz Janubiy Surxon suv ombori bo‘ldi. 1967 yilda foydalanishga topshirilgan suv omborining suv hajmi 500 mln kub metr hisolanadi. Olti ming besh yuz gektarni egallagan suv omborining eng chuqur joyi 27 metr bo‘lib, uzunligi 20 km dan ortiqroqni tashkil etadi. Ushbu suv ombori viloyatning janubiy qismini suv bilan ta’minlab beradi.
Manba: Qalampir.uz