SUSADICA doktorlik dasturi tadqiqotchilari ma’lumotlar to’plash vositalarni Markaziy Osiyoda sinovdan o’tkazishdi
Joriy yilning yoz mobaynida, SUSADICA doktorlik dasturi tadqiqotchilari fermerlarning ishlab chiqarish va resurslarni boshqarish qarorlari bilan bog’liq bo’lgan muammolar haqida tasavvurga ega bo’lish maqsadida Markaziy Osiyoning turli na’munaviy tadqiqot obyektlariga borishdi.
Markaziy Osiyoda qishloq xo’jaligini barqaror rivojlantirish bo’yicha tizimlashtirilgan xalqaro doktorlik dasturi (SUSADICA) talabalari har yili 6 oy davomida, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) va Markaziy Osiyodagi boshqa hamkor tashkilotlarining ilmiy faoliyatiga o’z hissalarini qo’shish, O’zbekistonda PhD talabalari uchun mo’ljallangan modul kurslarida ishtirok etish hamda tadqiqot uchun tanlab olingan ob’yektlarida empirik (amaliy) ishlarini tashkillashtirish maqsadida o’z ilimiy faoliyatlarini olib boradilar. Joriy yilning iyul va avgust oylarida, TIQXMMIning amaliy yordami bilan, IAMO tadqiqotchilari Suray Charyyeva, Zafar Kurbanov, Abdusame Tadjiev, Dr. G’olib Sanaev va Dr. Nodir Djanibekovlar Qozog’iston va O’zbekistonning sug’oriladigan maydonlariga safar uyushtirishdi. Bunda ular iqtisodiy eksperiment va ma’lumot to’plash uslublarini sinovdan o’tkazish maqsadida fermerlar va mahalliy hokimiyat xodimlari bilan yuzma-yuz va fokus guruh suhbatlarini amalga oshirdilar. Ushbu izlanishlar yordamida taqdiqotchilar fermerlarning qishloq xo’jalikdan tashqari faoliyat turlari, daromadlar va ekin turlarining diversifikatsiyasi tomchilatib sug’orish, yerga minimal ishlov berish hamda paxta terish mashinalari kabi texnologiyalarni amalda qo’llashga doir fermerlarning qarorlar va strategiyalari bo’yicha dastlabki ma’lumotlarni to’plashdi.
Janubiy Qozog’istondagi fermerlar bilan bo’lib o'tgan o’zaro suhbatlardan ma’lum bo’ldiki, paxta ishlab chiqaruvchi fermerlar qo’shimcha daromad keltiruvchi noqishloq xo’jalik faoliyatlaridan - hususiy do’konlar, restoranlar, mehmonxonalar hamda bolalar bog’chalarini yuritish va boshqarish tijorati bilan shug’ullanar ekanlar. Bundan tashqari fermerlarning sug’oriladigan maydonlarda ekinlar diversifikatsiyasini rivojlantirish bo’yicha tashabbuslari tufayli, iqtisodiy yuqori foyda keltiradigan qishloq xo’jailik mahsulotlarini qo’shni mamlakat bozorlariga eksport hajmi oshganligi ma’lum bo’ldi. Shunga qaramasdan, fermerlar, diversifikatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish va qishloq xo’jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun mehnat resurslari yetishmasligi asosiy to’siqlardan biri ekanligini e’tirof etishdi.
Qozog’iston bilan taqqoslaganda, O’zbekistonda paxta va bug’doy yetishtiruvchi fermerlar qarorlar qabul qilishlarida davlat aralashuvi ularning ishlab chiqarish va daromad manbalarini diversifikatsiyalashdagi asosiy to’siq sifatida qayd etildi. Davlat xaridlari tizimi doirasida paxta va bug’doy uchun katta miqdordagi qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlarning taqsimlanishi, IAMOning 36-sonli tahliliy tavsiyanomasida muhokama qilinganidek, tuproq sifatini oshiruvchi almashlab ekishni qo’llashni cheklaydi. Fermerlarning moliyaviy imkoniyatlari cheklanganligi bilan bir qatorda, yerga egalik qilish huquqlari zaifligi ularning yerga va yangi texnologiyalarga investitsiya qilishlarini rag’batlantirmaydi. Fermerlar bilan o’zaro suhbatlar davomida ekinlarni tanlash erkinligi va yerdan foydalanish huquqi daxlsizligining ta’minlanishi, fermerlik faoliyatini davom ettirish uchun hal qiluvchi shart sifatida ko’rsatildi. Fermerlarning fikricha, paxtadan voz kechib boshqa ekinlarni yetishtirayotgan tumanlarda qishloq aholisi daromadlari va bandlik darajasi oshganligi kuzatilgan. O’zbekiston va Qozog’istonning tashrif buyurilgan hududlarida paxta terimini mexanizatsiyalash darajasining bir-biridan farqlanishi kuzatildi. Suhbatlar davomida qozoq fermerlari paxtani muvaffaqiyatli yetishtirish uchun paxta terish mashinalari zarur deb hisoblashlari ma’lum bo’ldi. Haqiqatda, Janubiy Qozog’istondagi mavjud paxta terish mashinalarining asosiy ulushiga fermerlar va qishloq tadbirkorlari egalik qilishi hamda ularni paxta yetishtiruvchilarga ijaraga berishini muvaffaqiyatli biznes modeli deb qarash mumkin. Paxta yig’im-terimi davrida mehnat resurslarining yetishmasligini tan olgan qozoq fermerlari qo’shimcha paxta terish mashinalarini sotib olishga qiziqish bildirishdi. O’zbekistondagi fermerlar bilan bo’lgan munozaralar esa buning aksini ko’rsatdi. Aksariyat fermerlar paxta terish mashinalarini xususiylashtirishga tayyor emasliklari ma’lum bo’ldi. Paxta yig’im-terimining ozgina qismi mexanizatsiyalashgan O’zbekistonda, to’liq va qisman davlatga qarashli mashina-traktor parklari (MTP) fermerlarga paxta terish mashinalari xizmatlarini ko’rsatadi. Bundan tashqari, Qozog’istondagi paxta yetishtiruvchi fermerlardan farqli ravishda, suhbatlarda ishtirok etgan O’zbekistondagi fermerlar MTPga qarashli mashinalar tomonidan terilgan paxtaning sifati pastligidan xavotir bildirishdi.
Olib borilgan ilmiy tashriflar davomidagi dastlabki kuzatuvlar, kelajakda turli xil metodologiyalardan foydalanilgan holda chuqurroq o’rganiladi. Fermerlarning bir-biridan faqrlanuvchi javoblari, resurslarni boshqarish, texnologiyalarni qo’llash, ishlab chiqarish va daromadlarni diversifikatsiya qilish bo’yicha qabul qilayotgan qarorlarining ijtimoiy, iqtisodiy, xulqiy va institutsional omillarini qiyosiy o’rganish zarurligini ko’rasatdi. Fermerlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olib, tadqiqotchilar 2020 yilda boshlanadigan dala tadqiqotlaridan oldin ma’lumotlar to’plash vositalarini yakunlash bo’yicha Germaniyadagi ilmiy rahbarlari bilan birgalikda ish olib borishadi.
SUSADICA doktorlik dasturi
Markaziy Osiyoda qishloq xo’jaligini rivojlantirish - iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhit barqarorligini ta’minlash uchun qishloq xo’jaligi resurslaridan foydalanishning turli oqibatlarini hisobga oluvchi tizimli yondashuvni talab qiladi. Xalqaro me’zonlardagi zamonaviy tadqiqotlar uchun ilmiy muhitni ta’minlash maqsadida, IAMO ilmiy tadqiqot instituti Giessen shahridagi Justus-Lebig Universiteti va Halle shahridagi Martin-Lyuter Universitetlari bilan birgalikda Markaziy Osiyoda qishloq xo’jaligini barqaror rivojlantirish bo’yicha tizimlashtirilgan xalqaro doktorlik dasturi (SUSADICA) ni tashkil qilish bo’yicha hamkorlik qiladi. Germaniya hamkor tashkilotlarining konsorsiumi, TIQXMMI va xalqaro sheriklar bilan birgalikda boshqariladigan, hamkorlikdagi doktorlik ilmiy tadqiqot muhitini yaratishga qaratilgan. Dastur Markaziy Osiyoning boshqa qishloq xo'jaligi universitetlari uchun doktorlik ta'limining yuqori mezonlari, xalqaro tarmoqlar va ilmiy natijalarning namunasi sifatida xizmat qilishi lozim.
SUSADICA doktorlik dasturi “G’arb va Sharq O’rtasida – Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida Ilmiy va Oliy Ta’limga E’tibor” moliyaviy fond doirasida VolkswagenStiftung va O’zbekistonning Qishloq xojaligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklari tomonidan moliyalastiriladi. SUSADICA doktorlik dasturi bilan bog’liq yangiliklarni Facebook sahifasida kuzatib borish mumkin.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov