TIQXMMIda “Loyihalash guruxlari”ni tashkil etish toʻgʻrisida rektor farmoyishi qabul qilindi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalar muxandislari instituti rektorining 2019 yil 25 sentyabrdagi 99/F -sonli farmoyishi bilan institutda 4 ta yo‘nalishda loyihalash guruxlari tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2019 yil 19 sentyabr kuni suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilib, bu masalaga alohida to‘xtalingan. Shuningdek, sohadagi muammolarga yechim izlash, boshqaruv tizimini takomillashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va unga aloqador tashkilot va korxonalarga bir qator vazifalar berilgan edi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Strategiyasida suvdan foydalanish va uni tejash bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlar belgilandi. Yig‘ilishda suv xo‘jaligida ilm va innovatsiyani jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘lash masalasi ham muammolar yechimiga daxldorligi ta’kidlanilgan.
Institutda yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, talabalarda loyihalash ko‘nikmasini shakllantirish, xorijiy tajriba va mutaxassislarni jalb qilgan holda tizimga innovatsiyalar kiritish, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviyligi, ilmiy faoliyat integratsiyasi ta’minlanishiga qaratilgan 4 ta:
-Suv tejamkor sug‘orish tizimlarini loyihalash;
-Gidrotexnika inshootlarini loyihalash;
-Gidroenergetika ob’ektlarini loyihalash;
-Qishloq va suv xo‘jaligi ob’ektlarida elektr ta’minoti tizimlarini loyihalash guruxlarini tashkil etish bo‘yicha rektor farmoyishi qabul qilindi.
Institutning professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalari va loyiha tashkilotlari mutaxassislarini o‘z ichiga oluvchi bu – loyihalash guruxlari “vaqtinchalik ijodiy jamoa” ko‘rinishida tashkil etiladi.
Loyihalash guruxlariga rahbar sifatida fan-ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha faol olimlar rahbarlik qilishadi. Shuningdek gurux rahbarlariga ikki hafta muddatda loyihalash guruhlarining tarkibini shakllantirish, guruxning Nizomi va ish rejalari ishlab chiqish, tasdiqlatish vazifalari qo‘yildi.
Loyihalash guruhlarining samarali faoliyati uchun tegishli xonalar ajratiladi va ular zaruriy jihozlar bilan ta’minlanadi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor T.Sultonov