Prezidentga kamarbastalik
Har qanday davlatning istiqbolini uning yoshlarisiz tasavvur qilish qiyin. Chunki kuch, yangilik va tashabbus hamda tashkilotchilik unda mujassam. Yoshlarga qanday ta’lim berilsa, erta indin uning samarasi ham shunga mos bo‘ladi. Shuning uchun ham yoshlarning ilm cho‘qqilarini egallashlarida katta avlodning qanot bo‘lishi haqiqat. Shuning uchun ham Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor vazifa bo‘lib kelayotgani sir emas.
Ona yurtimiz, jonajon xalqimiz, ulug‘ vatanimiz yoshlardan nima kutayotganligini prezidentimiz nima kutayotganlarini o‘tgan yilning 27 dekabr kuni Muhammad al -Xorazmiy nomidagi ijod maktabida, kuni kecha Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga yo‘llagan Murojaatnomasida ro‘yi rost ifoda etdilar. Yoshlar muammolariga, ular oldida ko‘ndalang turgan vazifalarga to‘xtalib, "Hali oldimizda qiladigan ishlarimiz juda ko‘p va bu borada yoshlar mamlakatning tayanchi bo‘ladi",- deya ishonch bildirganlari bejiz emas.
Bugun bo‘lib o‘tgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va O‘zbekiston respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Biz, yoshlar - Prezidentimizga kamarbastamiz!" deb nomlangan ma’rifiy uchrashuv yuqoridagi mulohazalarning isboti o‘rnidagi dadil qadam desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadbirda nufuzli mehmonlar, ofitserlar, harbiy orkestr va professor o‘qituvchilar, talaba va magistrantlar ishtirok etishdi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ostida tadbir ochilgach, uni institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardaeyvich kirish so‘zi bilan ochib berdilar. Tadbirda Davlat va jamoat arbobi, akademik Oqil Umurzoqovich Salimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Iskandarov Sa’dulla Iskandarovich, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Mudofaa vaziri, general-polkovnik Rustam O‘rmanovich Ahmedov, O‘zbekiston Qahramoni Qurbonov Ravshan Davlatovichlar galma gal so‘zga chiqib o‘zlarining hayotiy va ilmiy tajribalarini o‘rtoqlashishdi.
Badiiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Mudofa Vazirligi ashula va raqs ansambli solisti, podpolkovnik Marat Xakimov, ijrosida qo‘shiq yangradi, so‘ngra Toifali ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘mondonligining harbiy xizmatchi ayollari Pokiza Valixonova, Dildora Mamarasulovalar ijrosida dilbar taronalar taraldi. Tadbir yakunida Qurolli kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining xonandasi Botir Hojiev ijrosida "Milliy armiyam" nomli qo‘shig‘i ijro etildi. So‘ngra institut rektori tadbir mehmonlarini samimiy dil izhorlari va gullar bilan xushnud etdilar.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov