“COVID-19 dan keyin: Barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq – ovqat xafvsizligi” mavzusida onlayn vebinar tashkil etildi

2021-yilning 27-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorligida doktorantlar va yosh olimlar uchun “COVID-19 dan keyin: Barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq – ovqat xafvsizligi” mavzusida onlayn shaklda vebinar tashkil etildi.

Vebinar TIQXMMI rektori O‘.Umurzakov, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchisi N.Qosimovlar tomonidan ochilib, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiatsiyasi vakili K.Bedievning moderatorligida o‘tkazildi. Mazkur vebinarda taniqli yosh olimlar, vatandoshlarimiz: Germaniyaning Leybnis qishloq xo‘jaligi landshaftlari tadqiqot markazi (ZALF) professori, doktor  Dilfuzaxon Egamberdieva; Berlindagi Gumboldt Universiteti professori, doktor Axmadjon Xamidov; O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Leybnis instituti (IAMO) professori, doktor Nodirjon Djanibekovlar “COVID-19 davridan keyingi organik qishloq xo‘jaligi”, “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari”, “Oziq-ovqat xavfsizligiga erishishda suv tejamkor sug‘orish texnologiyalari” mavzularida o‘zlarining ilmiy – ommabop ma’ruza-taqdimotlarini qilishdi.

Ma’lumki, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida katta mablag‘ sarflab kam foyda olish emas, balki kam xarajat qilib ko‘p foyda olish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish vaqti yetdi. Chunki qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotida eng muhim soha bo‘lib qolmoqda va yalpi ichki mahsulotning 28,2 foizini tashkil etmoqda. Mamlakatning oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va qishloq aholisini ish bilan ta’minlash hamda ularning daromadini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Chunki, kuzatilayotgan o‘zgarib turuvchi tabiiy iqlim, aniq bir me’yorga ega bo‘lmagan yog‘inlar, sovuq qish va yozning quruq issig‘i ekinlar hosildorligining bir maromda oshishiga salbiy ta’sir etmoqda. Shuning uchun ham hozirgi kunda respublikamizda dehqonchilikni yanada rivojlantirishda resurs tejovchi texnologiyalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning yangi usullarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish zaruriyati mavjud.

Ushbu vebinar qishloq xo‘jaligining dolzarb masalalari va muammolarini ilmiy tomondan hal etishda yosh olimlar va vebinar ishtirokchilari uchun o‘zlarining ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishlarida foydali bo‘ladi. Vebinarda TIQXMMI, O‘zMU, TashDAU va boshqa qishloq va suv xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlovchi OTMlarning doktorant va yosh olimlari ishtirok etishdi. 

 

TIQXMMI matbuot xizmati