“Diniy ekstremizm va terrorizm – jamiyat taraqqiyotiga tahdid”

O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, Vatan taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan. Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha ulkan yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Ma’lumki, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Toshkent irrigatsiya qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakultetida “Diniy ekstrimizm va terrorizm-jamiyat  taraqqiyotiga tahdidi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligi, Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, Maxsus tayyorgarlik o‘quv markazi boshlig‘i polkovnik O.T.Ahmedov, katta instruktor mayor R.M.Habibullaev, mayor S.S.Qodirov, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari O.Habibullaev, professor-o‘qtuvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog‘ida o‘zini “Islom davlati” (IShID), “Jabhat al-Nusra” deb atab olgan terroristik tashkilotlar go‘yoki islom ravnaqi yo‘lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ‘ibot-tashviqot keng ko‘lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etib da’vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga borib qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Afsuski, yoshlar muayyan qismi IShIDni haqiqatda ham islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o‘rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Oilada tinchlik bo‘lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo‘ladi, yurt ravnaq topadi.

Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu-xunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o‘stirib borishimiz kerak. Yosh avlodning turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolishini oldini olish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik faqat hukumatimiz yoki ta’lim muassasalarining vazifasi emas, balki har bir ota-onaning ham muhim burchlaridan biridir. Yana ta’kidlash joizki, tinchlikni ulug‘ ne’mat deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan. Shu nuqtai-nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni avaylab-asrash yo‘lida davlatimizning mutasaddi idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan say’y-harakatlarni e’tiqodan qo‘llab-quvvatlashlari va qo‘lidan kelgancha ularga yordam berishlari lozim. Tahdidlarni oldini olishga qaratilgan aynan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, dindorlarimiz xotirjamlikda ibodatlarini ko‘ngildagidek ado etmoqdalar. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilganlaridek: “Haqiqiy musulmon bu – musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lishliklaridir”.  Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo‘shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, eng asosiy vazifalaridan bo‘lib qolmog‘i lozim.

 

                                                                      “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakultetining  Yoshlar

 bilan ishlash dekan o‘rinbosari O.Habibullaev

TIQXMMI matbuot xizmati