Fan olimpiadasi - bellashuv maydoni
“Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasalari talabalari respublika onlayn fan olimpiadasini 2021-yilda tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2021-yil 31-mart 159 - sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida “Gidravlika” fanidan Respublika fan olimpiadasining 1-bosqichi tashkil etildi va belgilangan “Nizom” talablari asosida o‘tkazildi. Fan olimpiadasining 1-bosqichida Gidromelioratsiya, Gidrotexnika qurilish, Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash, Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti fakultetlaridan jami 66 nafar talabalar ishtirok etdilar. Ushbu bosqichda ishtirokchilarni saralab olish tartibi modul tizimida test va ijodiy topshiriq ko‘rinishida o‘tkazildi.
Natijalarga ko‘ra, Bir nafar 1-o‘rin, 3 nafar 2 - o‘rin va yana 3 nafar talabalar 3 - o‘rinni egalladilar. Faxrli 1-o‘rinni “Gidromelioratsiya” fakulteti, “Suv xo‘jaligi va melioratsiya” yo‘nalishi, 201 - guruh talabasi Faxriddin Qurbonov G‘ayrat o‘g‘li qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni esa “Gidromelioratsiya” fakulteti, “Suv xo‘jaligi va melioratsiya” yo‘nalishi, 202 - guruh talabasi Navro‘zbek Yuldoshev Elmurod o‘g‘li egallab “Gidravlika” fanidan Respublika fan olimpiadasining 2-bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Yaxshi natija ko‘rsatgan va faol ishtirok etgan qolgan talabalar “Evrika” iqtidorli talabalar to‘garagiga a’zolari bo‘lib, ular kelgusida tashkil etiladigan olimpiadalar va turli tanlovlar uchun tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi yaqin kunlarda keng jamoatchilik, professor-o‘qituvchilar va “Evrika” iqtidorli talabalar to‘garagi a’zolari bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
TIQXMMI matbuot xizmati