O‘rtachirchiq tumani Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilarining institutimizga tashrifi
2021-yil 24-aprel kuni 55-maktab direktori boshchiligida 25 nafar shu maktab bitiruvchilari TIQXMMI ga tashrif buyurishdi. Ularni institutning asosiy kirish eshigi oldida GTQ fakulteti dekani, prof. B.B.Hasanov, “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari kutib olishdi.
Shundan so‘ng institut B binosida joylashgan Anjumanlar zalida maktab bitiruvchi yoshlarini institut bilan yaqindan tanishtirish maqsadida uchrashuv tashkil etildi. Ushbu tadbirda institut Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori T.Z.Sultanov, O‘zR FA M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktori, prof. K.S.Sultanov, GTQ fakulteti dekani prof. B.B.Hasanov, O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari v.b. A.Ishmatov, “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda GTQ fakulteti “Mexanika va matematik modellashtirish” yo‘nalishi 1-kurs talabalari ham ishtirok etishdi.
Dastlab, kafedra dots. Sh.Xudoynazarov mehmonlarni tadbir ishtirokchilari bilan tanishtirdi va kirish so‘zini prof. B.B.Hasanovga berdi. So‘ngra institut faoliyatiga oid qisqa videorolik namoyish etildi. Institut Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori prof. T.Z.Sultanov so‘zga chiqib, maktab bitiruvchilarini institut tarkibiy tuzilmasi, fakultetlar, yo‘nalishlar, tayyorlanadigan mutaxassis kadrlar hamda ular faoliyat yuritadigan sohalari bilan batafsil tanishtirdi.
Shuningdek institutda talaba yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, talabalar turar joylari, talabalarning bo‘sh vaqtlarini samarali va mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, sport kompleksi, institut madaniyat saroyi, u yerda faoliyat olib borayotgan turli to‘garaklar haqida to‘xtaldi. O‘zR FA Mexanika instituti direktori va kafedramiz professori K.S.Sultanov o‘z so‘zida maktab bitiruvchilariga yurtimizda barkamol avlod kamoloti, yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganligi, o‘g‘il-qizlarni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasiga o‘ziga xos tarzda, zamonaviy usullar asosida yondashilayotganligiga urg‘u berdi.
Yoshlarining yangi-yangi marralarni zabt etishiga, ularning yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirib, ularga bu yo‘lda omadlar tiladi. Kafedra dotsenti Q.Xusanov injenerlik yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlanadigan bakalavrlar nimalalarni bilishi kerakligi haqida gapirib, “Nazariy mexanika” fani, uning injener kadrlar tayyoshlashdagi roli to‘g‘risida to‘xtaldi. Shuningdek, tadbirda “Mexanika va matematik modellashtirish” yo‘nalishi 1-kurs faol talabalari maktab o‘quvchilariga Oliy ta’limda bilim olish haqida, bu institutning boshka institutlardan farqi va o‘qishni boshlaganidan beri nimalarni o‘rganganligi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Tadbir, maktab bitiruvchilarini qiziqtirgan savollar va ularga javoblar tarzida yakuniga yetdi. Tadbir so‘ngida “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi mehmonlarga o‘zlarining esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
Tashrifning navbatdagi bosqichida maktab bitiruvchilari “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasiga borildi. U yerda kafedra assistentlari S.Xamidov va Q.To‘rajonovlar talaba bo‘lish ostonasida turgan maktab bitiruvchi yoshlariga ularni qiziqtirgan matematika, fizika fanlaridan mahorat darslarini o‘tib berdilar. Shundan so‘ng mehmonlarga fakultet dekani va kafedra a’zolari hamrohligida institut hududi bo‘ylab tanishtiruv uyushtirildi. O‘quv binolari, O‘zbekiston qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov nomidagi yoshlar bog‘i, sport majmuasi, o‘quv laboratoriyalar, ma’ruza zallari borib ko‘rildi. Maktab bitiruvchilari tashrif so‘ngida institut axborot markazi binosida tashkil etilgan O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov muzeyida bo‘lishdi. Tashrif so‘ngida mehmonlar bilan rektorat binosi oldida esdalik uchun suratga tushildi.
TIQXMMI matbuot xizmati