“Innovatsiya” guruhi
So‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalarida, elektron va bosma nashrlarda “innovatsiya” so‘zi ko‘p uchraydigan bo‘lib qoldi. Innovatsiya bu nima o‘zi? Bu atama qachon paydo bo‘ldi?“Innovation” tushunchasi birinchi bo‘lib XIX asrning ilmiy tadqiqotlarida paydo bo‘ldi. “Innovatsiya” atamasi lotincha “novatio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yangilanish”, “o‘zgarish”, “in” qo‘shimchasi esa lotinchadan tarjima qilinganda “yo‘nalishida” ma’nosini ifodalaydi. Agar uni yaxlit “Innovatio” ko‘rinishida tarjima qilsak – “o‘zgarishlar yo‘nalishida” deb izohlanadi. Innovatsiya – bu bozor talabidan kelib chiqqan holda jarayonlar va mahsulotlarning sifatli o‘sish samaradorligini ta’minlash uchun joriy etilgan yangilikdir. Innovatsiyaga har qanday turdagi yangilik sifatida emas, balki mavjud tizimning samaradorligini jiddiy ravishda oshiradigan omil sifatida qarashimiz lozim.
“Gidromelioratsiya” fakulteti “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 307-guruh talabalari institutimizning Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan “Ilmiy-o‘quv markazi” da bo‘lib o‘tayotgan ishlab chiqarish amaliyoti davomida, amaliyot rahbari Nodir Gadoyev boshchiligida, o‘zlari uchun ajratilgan ekin maydonga suv tejovchi innovatsion texnologiyalarni qo‘llab, xususan, tomchilatib sug‘orish tizimini loyihalab, tarqatuvchi quvur va sug‘orish shlanglarini ekin maydonga o‘z qo‘llari bilan o‘rnatishmoqda. O‘rnatish jarayonidagi talabalarning shijoati va g‘ayrati ularning o‘z sohalariga bo‘lgan qiziqishlarini yaqqol namoyon etmoqda.
Muhtaram Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz!” O‘zgarishlarni, yangiliklarni doimo qo‘llab-quvvatlab, yanada ko‘paytirib borishimiz kerak. Negaki, innovatsiya bu – ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishni ta’minlashga qaratilgan yangilikdir. Tez rivojlanayotgan, ilm-fan sohasida tobora yaxshilanayotgan davlat esa dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar ro‘yxatida yetakchilik qiladi. Innovatsiya – bu iqtisodiy o‘sish, demakki, ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivojining garovidir. Qolaversa, yaxshi innovatsiyalar ko‘plab investitsiyalarni olib keladi. Innovatsion rivojlanish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston esa mana shunday katta yo‘lning boshida!
“Gidromelioratsiya” fakulteti 307-guruh talabasi Azizbek Hasanov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati