26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni

2 - talabalar turar joyida 5 qavat dars xonasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Hozirgi kunda giyohvandlik global muammolardan biridir. Asr vabosi deb baholanayotgan “oq ajal” qanchadan-qancha insonlarning baxtiga zomin bo‘layotgani, giyohvand moddalarni iste’mol qilishga odatlanish oqibatida nogiron, jismoniy va aqliy nuqsoni bor bolalar dunyoga kelayotgani haqida o‘ylasak, yanada sergak tortamiz. Og‘uning quliga aylanib qolayotgan zamondoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish barchamiz uchun foydalidir. Shunday ekan, oilalarimiz tinchligi, farzandlarimiz kelajagiga rahna solayotgan, jiddiy xavfga aylangan giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashishimiz shart. Ayni kunlarda asr vabosiga aylangan giyohvandlikka qarshi kurashish jamiyatimizning har bir fuqarosi oldida turgan muhim va dolzarb vazifadir. Giyohvandlik vositalarining katta miqdorda yetishtirilayotgani va sayyoramiz bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgani kelajagi uchun qayg‘uradigan har bir millatni tashvishga solishi, shubhasiz.

Og‘uning quliga aylanganlarni davolashdan ko‘ra, giyohvandlikka chalinishning oldini olgan ming marta afzal. Demak, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilish barchamizning insoniy burchimizdir. Shoir Botirjon Ergashevni shu mavzuga oid she’rlari talabalarga o‘qib eshittirildi. GTS fakultetining talabalari ishtirokida o‘tgan tadbir barchaga birdek ma’qul bo‘ldi.

Ota-onang yig‘lar, qaytgin, jon bolam, deb,

Sen yuribsan sho‘rliklarning ich-etin yeb.

Axir ular yovmas, sening umringga zeb,

Farzand bo‘lib xizmatida bo‘lsang-chi band,

Bilgin, tog‘ ne, yo jar nima, ey Giyohvand!

 

Giyohvandning do‘sti bo‘lmas, yori bo‘lmas,

Harom-xarish ayshdan boshqa kori bo‘lmas.

Ko‘chada xor bo‘lib, odam kabi o‘lmas,

Undan ko‘ra uylar qurgin baland-baland,

Bilgin foyda-zarar nima, ey, Giyohvand!

 

Dunyo senga do‘st deb qo‘lin uzatmoqchi,

Sening har bir qadamingni kuzatmoqchi.

Dardkash bo‘lib dardlaringni tuzatmoqchi,

Sen ham uning niyatiga bo‘lib payvand,

Bilgin, qum ne, yo zar nima, ey Giyohvand!

 

Giyohvandga shox chiqmagan sengacha ham,

Qadri bo‘lmas bir chaqalik tangacha ham.

Kasofati urar jonu tangacha ham,

Yetar, bo‘ldi, yaxshi gapni qilib pisand,

Bilgin, tun ne, sahar nima, ey Giyohvand!

 

Tarbiyachi-pedagog, psixolog Sagdullaeva Dilorom axbooti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov