Suvdan maqsadli va unumli foydalanishda hamkorlikga tayangan Germaniya tajribasi
Joriy yilning may oyida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan “UzWaterAware” loyihasi doirasida Germaniya davlatining suv resurslari va undan oqilona hamda samarali foydalanish bo‘yicha ko‘p yillik tajribalarini o‘rganish maqsadida o‘quv safari amalga oshirildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi, nodavlat-notijorat tashkilotlari, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar hamda MOMEM mutaxassislari ishtirok etdilar.
O‘quv safari davomida delegatsiya vakillari Germaniya davlatining bir qator suv va atrof muhit bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanadigan vazirlik, davlat muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlariga jumladan: Germaniyaning atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi federal vazirligi, Germaniyada suv ta’minoti va oqava suvlarni boshqarishda yirik Berlin Water Works kompaniyasi, Germaniyadagi kommunikatsion konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi yirik Deekeling Arndt / AMO, (DAA) kompaniyasi, Berlin Water Works kompaniyasi, Vuppertal iqlim, atrof-muhitni himoya qilish va energiya instituti, Water Integrity Network, Potsdam shahrida joylashgan Barqarorlik bo‘yicha istiqbolli tadqiqotlar instituti (IASS), Xalqaro boshqaruv va IMW iqtisodiy bilimlari bo‘yicha Fraungofer markazi, Bremen xorijiy tadqiqot va rivojlanish assotsiatsiyasi BORDA, YuNESKOning Butunjahon merosi jamiyati kabi ob’ektlar rahbarlari va mutaxassislarning ma’ruzalari va taqdimotlarida ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida delegatsiya vakillariga ham nazariy ham amaliy bilimlar berildi. Suv bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar yuzasidan Germaniya davlatining tajribalari o‘rganildi. Binobarin, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, ularni yurtimizda qo‘llash hamda ishlab chiqarish va ta’limni bog‘lash muhim masalalardan biridir. Turli tashkilotlarni bog‘lash, kommunikatsiyalarini umumlashtirish, ularning g‘oyalarini siyosatchilar va davlat rahbariyatiga olib chiqish Germaniya davlati uchun ham muhim vazifalardan biridir. Bu borada Germaniyaning atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi federal vazirligining roli kattadir. Vazirlikning hamkorlik bo‘limi rahbari doktor Yurgen Keynxorstning aytishicha, vazirlik uch yo‘nalishda ish olib boradi:
- Germaniyaning Yevroittifoqdagi suvni tozalash qiziqishlari va ishtirokini ta’minlash. Xususan, Yevropasuv muammolari va ekologiya bilan shug‘ullanuvchi maxsus komissiya bo‘lib, bular barcha mamlakatlarni shunga yo‘naltiradi. 70 foiz qarorlar Yevroittifoqda, qolgani mamlakat ichkarisida qabul qilinadi;
- Germaniyaning hamma yerida vazirlikning maqsadli ishtiroki, qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish, ekologiya va suv muammolari loyihalarini ishga tushirish;
- atrof muhitni asrash uchun OAV, NNT, deputatlar va fuqarolik jamiyati faollari harakatini ta’minlashdan iborat.
Tashrif buyurilgan har bir ob’ektdagi olingan bilim hamda yangiliklar kelgusida Respublikamizdagi anashu yo‘nalishdagi islohatlarni xorijiy tajribalar orqali amalga oshirishga zamin bo‘lib xizmat qiladi. Yer ostidan chiqadigan suvni istemolchilarga toza ichimlik suvi sifatida yetkazib berish hamda chiqindi suvlarini qayta tozalash texnologiyalari Respublikamizda foydalanilishi kerak bo‘lgan xizmatlardan biridir. Ilmiy tadqiqot markazlari va ishlab chiqarishni ta’lim bilan integratsiyasi suv resurslarini samarali va oqilona foydalanish hamda boshqarishda muhim xamjihatlik bo‘lib xizmat qiladi.
“UzWaterAware” loyihasi orqali amalga oshirilgan o‘quv safari suv xo‘jaligi sohasini to‘g‘ri tashkil qilish, boshqarish va suvdan unumli hamda oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlik bo‘limi uslubchisi Xamraliev Akbar axboroti
Fotomuhbir Asqar Yakubov
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov