Forumdan keyingi o'ylar
Axborotning, matbuot xizmatining o'rni jamiyatning hayoti va taraqqiyotida muhim o'rin tutishi sir emas. Uni ta’bir joiz bo’lsa, jarayonning barometri sifatida voqelikka xolisona, odilona nazar tashlash orqali ma'lumotlarni sharhlash yoritish bilan bog'liq vazifalarni ado etadi. Shuning uchun ham aksariyat tashkilot va muassasalarda, vazirlik va qo’mita tizimlarida matbuot xizmati joriy etilgan. Ular bevosita shu tizimning rivojiga hissa qo'shish bilan birgalikda yangiliklarni, innovatsion jarayonlarni ommallashtirishga ham xizmat qiladi. Nufuzli oliy ta'lim muassasaslaridan Toshkent davlat Iqtisodiyot unveristetida O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining tashabbusi bilan “Oliy ta'lim muassasalarida axborot xizmati faoliyatini takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzusida forum tashkil etilgani ham bu borada ijobiy ahamiyat kasb etdi. Unda 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarining matbuot kotiblari ishtirok etishdi. Vazirlik axborot xizmatining rahbari Sardorbek Usmonov forumning ahamiyati haqida so’z yuritdi, TDIU rektori Kongratbay Avazembetovich Sharipov forum qatnashchilarini samimiy tabrikladi. So’ngra dastur bo’yicha barcha yaqinda 70 million so’mga jihozlangan universitetdagi mediya studiyaga borishdi. Matbuot xizmati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Tushlikdan so’ng forum o’z ishini davom ettirdi. Soha mutaxassislarining ishtirogi maslahati bu borada matbuot kotiblari uchun asqotishi tayin. Forum davomida iqtidorli jurnalist Zafarbek Amirqulov matbuot kotibining vazifasi va o'zi faoliyat ko'rsatayotgan muassasada unga yaratilgan sharoitlar bilan bog'liq holdagi mulohazalari bilan o’rtoqlashdi. Yangilik, xabar maqola, matbuot xabarnomalarining qanday tayyorlanishi bo’yicha axborot berdi. Edu.uz saytiga, vazirlik portaliga berilishi zarur bo'lgan xabar, maqola uchun talablar haqida gapirib jumladan, o'sha xabarning oliy ta'lim vazirligiga daxldorligi va buning qanday foydasi borligi, dolzarbligi, qaysi muammoga yechim bo'lishi muhim ekanini e’tirof etdi.
Ayni paytda nafaqat yozma balki, audiovizival imkoiyatlardan foydalangan holda videoroliklar tayyorlash zaruriyati borasida so’z ochdi. So’ngra o’z tajriba va ko’nikmalarini o’rtoqlashish maqsadida O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining rektori Sherzodxon Qudratxo’jayev tashrif buyurdi va kasbning nozik jihatlari, so’z erkinligi borasida o’z mulohazalarini bildirib o’tdi.
Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigi”da ham ibratli fikrlar e'tirof etilganligini ta'kidlash zarur. Davlat rahbari kasbiy bayram bilan tabriklash asnosida, yutuq va an'analarni saqlab qolish, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga, qonun talablariga qat'iy rioya qilish masalasiga ham to’xtalib o’tdilar. Shuningdek, O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan ilgari surilgan bir qator tashabbuslar ya'ni milliy media makonimizga dadil kirib kelayotgan yosh jurnalistlar, blogerlar axborot tizimlari xodimlari ishtirogida “Milliy jurnalistika: an'analar davomiyligi va zamonaviyligi” mavzusida ilmiy - amaliy konferensiya tashkil etishni e'tirof etganlari o'rinli bo'ldi. Ayni paytda, ommaviy axborot vositalarida “O'zbekiston jurnalistika maktabi: ijodiy meros va an'analar”, "Jamiyat va axborot vositalari”, “Jurnalistika odobi" kabi mavzularda davra suhbatlari va mahorat darslari tashkil etish ijodiy tanlovlar uyushtirish borasdia ham o'z mulohazalarini bildirib o'tdilar. Shunday ekan, qalamning kuchi, mikrofon, minbar videokameraning mohiyatini his etish to’rtinchi hokimiyatning jamiyat hayotidagi o’rnini anglash demakdir.
TIQXMMI matbuot xizmati