Hohai universitetida madaniyatlar festivalida o`zbek jamoasi ishtirok etdi
2019 yilning 26 oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasida joylashgan Hohai Universitetida bo`lib o`tgan Xalqaro milliy madaniyat festivali (International cultural festival) da TIQXMMI bitiruvchilari O`zbekiston jamoasi tarkibida ishtirok etdilar. Ushbu festival har yili an`anaviy tarzda tashkillashtirilib, uch xil yo`nalishda o`tkaziladi. O`zbekiston jamoasi mavjud “Ko`rgazmali maydon”, “Halqaro milliy kiyimlar ko`rgazmasi” hamda “sahna ko`rinishi” yo`nalishlarining dastlabki ikkita yo`nalishida ishtirok etib, kelganlarga O`zbek madaniy me`rosining na`munalarini namoyish qildilar. Bu festivalda O`zbekistonni yaxshiroq tanishtirish uchun milliy dasturxonga osh, norin, somsa, shirinliklar va turli xildagi nonlar mexmonlarga tortiq qilindi. Turli xildagi rangdor milliy kiyimlarimiz ayniqsa kelganlarda katta qiziqish o`yg`otdi. Turli davlatdan kelgan talabalar o`zbek milliy qo`shiqlariga raqsga tushishib, tayyorlangan milliy taomlardan tatib ko`rishdi.
Aytish joizki, bu ishtirok O`zbekiston jamoasini Universitet tarixida ilk bor bo`lishiga qaramasdan, ishtirok etgan 26 davlatlar orasida alohida ajralib turganini, Hohai halqaro ishlari bo`limi dekani Fan Ruini bu yilgi festival haqida bildirgan fikrlarida o`z isbotini topdi. Jumladan, u festival yakunlari to`g`risida bildirib: “Bu yilgi festival har yilgidan ham o`zgacha yuqori kayfiyatda o`tdi. Rang-barang madaniyatlar va sahna chiqishlariyu, davlatlar bezatgan ko`rgazmali maydonlar ayniqsa esda qolarli bo`ldi. O`tgan yil 16 davlatlar o`z chiqishlarini namoyish qilgan bo`lsalar, bu yil bu raqam 26 taga yetdi. Alohida aytishim joizki, o`zlarining ilk chiqishlarini qilayotganliklariga qaramasdan O`zbekiston, Ozorboyjon hamda Indoneziya davlatlari juda yaxshi tayyorgarlik ko`rishganini isbotlashdi. Ayniqsa, O`zbekistonning festivalga alohida tayyorgarlik ko`rganini shu yerda yig`ilgan barchamiz ko`rib guvohi bo`lib, tabir joiz bo`lsa, ta`tib ko`rdik. Shaxsan men bunday yuqori kayfiyatda o`tgan festivaldan juda mamnun bo`ldim va har yili bu festivalni rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etamiz. Ishtirok etgan barcha davlatlar va ishtirokchilarga o`z minnatdorchiligimni bildiraman” deb o`z so`zini yakunladi.
Ma`lumot tayyorlovchi: Jamshid Ergashev Hohai Universiteti magistranti