Manfaatli masofaviy muloqot
Virtual muloqotlar, Zoom dasturi orqali amalga oshirilayotgan ma’ruzalar barcha tizimlarda o‘zining ijobiy samarasini berayotgani rost. 28 may kuni TIQXMMI xotin qizlar kengashi raisasi Zulfiya Hafizovaning tashabbusi bilan Toshkent shahar Reproduktiv salomatlik markazining malakali shifokorlaridan oliy toifali shifokorlar Abdullaeva Gulshoda Shanazarovna hamda Voitova Gavxar Alisherovnalar bilan tashkil etilgan masofaviy muloqot ancha foydali, manfaatli bo‘ldi deyish mumkin. Gulshoda Abdullaeva "COVUD-19. Giyohvandlik va uning oldini olish mavzusida ma’ruza qilgan bo‘lsalar, Gavhar Voitova 31-may Butun jahon chekishga qarshi kurashish kuni munosabati bilan qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tdi.
Masofaviy muloqot mobaynida institutimizning fidoyi pedagoglari Zuhra Ismoilova, Ra’no Qodirova, Sayfiddin Sharipov kabi ustozlar savollari bilan muloqotga jon va mazmun baxsh etishdi. Ma’ruzachilar tomonidan keltirilgan ma’lumotlarni muxtasar shaklda keltirib o‘tishni maqsadga muvofiq deb bildik. Mana ma’ruza yuzasidan berilgan ma’lumotlar. Fanga o‘nlab million viruslar ma’lum va yangi, ilgari noma’lum turlar doimiy ravishda kashf qilinmoqda. Shu bilan birga, ularning aksariyati odamlar uchun mutlaqo bezarardir — atigi bir necha yuz virus turlari xavf tug‘diradi va hatto immunitetimiz evolyusiya bosqichlarida ularning aksariyatiga qarshi muvaffaqiyatli kurashishni o‘rgangan.Biroq viruslar ham rivojlanib boradi va ba’zan mutatsiya natijasida ilgari faqat hayvonlarda uchragan infeksiya inson tanasiga kirib borishi mumkin. Bunday «yangi» viruslar ayniqsa xavflidir, chunki odam immuniteti ular bilan hech qachon uchrashmagan va himoya mexanizmini yaratmagan. Natijada, virus epidemiyaga aylanib, odamlar orasida faol tarqala boshlaydi. Aynan shu holat OIV, SARS, MERS va bugungi yangi koronavirus bilan sodir bo‘ldi.
Virus o‘zidan avvalgi SARS va MERS’dan qanday farq qiladi? London gigiena va tropik tibbiyot maktabi direktori Piter Piotning so‘zlariga ko‘ra, SARS-CoV-2 to‘rtta muhim farqli xususiyatga ega. Birinchidan, infeksiyalanishdan keyingi bir necha kun mobaynida odam hech qanday alomatlarga duch kelmaydi, ammo allaqachon boshqalarga yuqtirishi mumkin. Bu juda yoqimsiz xususiyat bo‘lib, virusni izolyatsiyalashni sezilarli darajada murakkablashtiradi. Masalan, SARS holatida hamma narsa mutlaqo aksi bo‘lgan: alomatlar darhol paydo bo‘lgan, ammo bemorning atrofdagilarga xavf solishi bir necha kundan keyin boshlangan. Ikkinchidan, bemorlarning 80 foizigacha bo‘lgan qismi oddiy shamollash yoki gripp kabi yengil holsizlikni sezadi, deyarli har beshinchi (18 foiz) inson esa o‘zida hech qanday alomatlarni sezmaydi, ammo o‘zi bilmagan holda ham u infeksiya manbayi bo‘lib qolmoqda. Uchinchidan, COVID-19 alomatlari odatiy grippga juda o‘xshash bo‘lgani sababli ko‘plab bemorlar o‘zlarining yangi virus tashuvchisi ekanliklaridan shubhalanishmaydi, lekin atrofdagilarga yuqtirishda davom etishadi. To‘rtinchidan, kasallikning dastlabki bosqichlarida virus aynan tomoqda ko‘payadi, shuning uchun virus yuqtirib olgan odam har qanday aksirish va yo‘tal bilan atrofga milliardlab virus zarralarini sochadi. Bemor birinchi navbatda yo‘talishni boshlaydi — boshqa barcha alomatlar keyinroq paydo bo‘ladi (yoki paydo bo‘lmaydi). Vaksina tayyor bo‘lishini qachonga kutish kerak? Qisqa javob berganda — kutmang. Imkon qadar tezroq ishlab chiqilgan taqdirda ham, siz uchun asqotishi dargumon.
Vaholanki vaksinaning birinchi klinik sinovlari allaqachon boshlangan bo‘lsa-da (bir vaqtning o‘zida turli mamlakatlarda bir necha talqinlar sinovdan o‘tkazilmoqda), hatto eng yaxshi natijada ham, ishchi vaksinani ommaviy ishlab chiqarish boshlanishi 2021 yil oxiriga qadar cho‘ziladi, bu vaqt ichida insonlarning virus xavf solayotgan guruhlarining aksariyati allaqachon kasallanishga ulguradi. Endi chekish illatining ziyoni borasida Gavharxonning ma’lumotlarini keltiramiz.Tamaki tufayli AQSh iqtisodiyoti 193 milliard dollar, Hindiston esa 40 milliard dollar zarar ko‘radi.Ta’kidlanishicha, tamaki chekish oqibatida bir yilda asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda olti million kishi hayotdan ko‘z yumadi. Tahlilchilarning fikricha, yer yuzidagi 15 yosh va undan katta bo‘lgan aholining 1 milliard 113 million 300 ming nafari sigaret chekadi. Shundan 938 yarim millionini erkaklar, 174 million 700 mingini ayollar tashkil qiladi. Chekuvchilarning 226 millioni qashshoqlikda kun kechiradi. Jahon kashandalarining uchdan bir qismi 13 ta mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Bular AQSh, Bangladesh, Braziliya, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Yaponiya, Pokiston, Filippin, Rossiya, Turkiya va Vetnamdir.
- Birinchi o‘rinda 303 yarim million chekuvchisi bo‘lgan Xitoy turadi.
- Ikkinchi o‘rin esa 105 million 200 ming kashandaga ega Hindistonga nasib qildi.
- Uchinchi o‘rinda turuvchi Indoneziyada 67,8 million chekuvchi bor.
- To‘rtinchi o‘rinni egallagan AQShda 46,7 million kishining og‘zidan sigaret tushmaydi.
Chekuvchilar soni bo‘yicha Rossiya jahonda beshinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatda 45 milliondan ortiq chekuvchi bor. Xulosa o‘rnida aytish joizki, koronavirus pandemiyasi kabi chekish ham illat. Ulardan ogoh bo‘lish, ehtiyot chorasini ko‘rish barchamizga, salomatligimizga bog‘liq.