Jamoaning salomatligiga mas’ulmiz
Inson tabiatida jamoaviylik degan tushuncha bor. Bu o’zaro yordam, bir-birining holidan xabar olish, muruvvat ko’rsatishdir. Qolaversa, milliy an’ana va qadriyatlarimiz ham shuni taqozo etadi. Shunday ekan, jamoaning sog’-omonligi va salomatligi ham mas’uliyat hissi va majburiyat burchiga daxldor. Institutimizda bugun ertalabdan professor o’qituvchlarni koronavirusga qarshi emlash ishlari boshlab yuborildi.
Mirzo Ulug’bek tumani sanitariya va epedimiologiya markazining tajribali xodimlarining bu ishga e’tibor va salohiyat bilan yondashayotgani barchamizni quvontirdi. Oldiniga Rektorat va keyin fakultetma – fakultet o’ziga xos tartib hamda tarkib bilan emlash davom etmoqda. Salomatlik va umr har narsadan azizligini unutmaylik, o’z salomatligimizga e’tiborli bo’laylik. Sog’ligimiz tuman boyligimiz ekani haq.
Davlat va hukumatimiz miqyosida bu masalaga e’tibor yuqori ekani bejiz emas. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilni aynan “Yoshlarni qo’llab – quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili deb nomlanishida ham xalqimizga xos bag’rikenglik va mehridaryolik tuyg’usi borligini sezish qiyin emas.
TIQXMMI matbuot xizmati