Ilm - mashaqqat, mas’uliyat va majburiyat

Mamlakatning taraqqiyoti, yurt istiqboli ilm-fanning rivoji bilan belgilanadi. Bugungi kunda bu isbot talab qilmaydigan aksiomaga aylandi. Ilm-fanning ravnaqi uchun jon kuydirish va islohotlar olib borish mamlakatning kelajagi uchun fidoyilik demakdir. Ilm ilm uchun emas, balki mamlakat manfaati va uning rivojiga xizmat qilsa nur ustiga a’lo nur. Aks holda, uning qiymati qolmaydi. Demak, ilmning sifati olimning siyrati bilan belgilanadi. Fanga vijdonan yondashib keng qamrovli bilimga ega bo‘lmagan, qaysi tilda bo‘lmasin, yozma va og‘zaki nutq madaniyati qoidalarini to‘la egallamagan olimdan fan bo‘yicha yangilik kutish mumkinmi? Aslo, yo‘q. Ilmiy maqola yozish ko‘nikmasini egallash va malaka hosil qilish uchun albatta, ilmning sifati, mashaqqati, mas’uliyati va majburiyati borasida ilmiy suhbatlar uyushtirish katta ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu maqsadda joriy yilning 29 avgust kuni soat 14.00da o‘tkazilgan “Ilmiy maqola yozish va nufuzli jurnallarda chop etish bo‘yicha maslahatlar: "Scopus va Web of Scienses” mavzusidagi onlayn vebinar muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi, Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti, Germaniyaning Leybnis Qishloq xo‘jaligi landshaftlarini o‘rganish tadqiqot markazi (ZALF) Germaniya, SMART InnoTex konsalting kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan vebinar seminarda Germaniyada faoliyat yuritayotgan vatandoshlar, turli oliy ta’lim muassasalari professor o‘qituvchilari, doktorantlar va magistrantlar ishtirok etishdi.

 

Tadbirni moderator sifatida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakili Kamoliddin Berdiev boshqarib bordi. Onlayn tarzdagi seminarni Respublika Oliy ta’lim Kengashi raisi, TIQXMMI rektori, professor O‘ktam Umurzakov kirish nutqi bilan ochib, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchisi Nabijon Qosimov janoblariga yaqinlashib kelgan 1 sentyabr - davlatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayrami bilan qutlab o‘z tabriklarini yo‘lladilar va barcha ishtirokchilarni ham ulug‘ va qutlug‘ bayramimiz bilan chin dildan muborakbod etdilar. Ular o‘z nutqida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Muhtaram Prezidentimizning 2019 yil 8 oktyabrda PF-5847-sonli farmoni qabul qilinganini ham eslatib o‘tdilar. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarda “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish, yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlari oshirish, respublika ilmiy jurnallarini xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishini ta’minlash kabi vazifalar qo‘yilganini ham eslatdilar. Keyin esa konsul Sarvar Alimovich Kamilov bunday yo‘sindagi tadbirlarning roli va ahamiyati borasida e’tiborga molik fikrlarni bildirib o‘tdilar.

 

So‘ngra Germaniya Federal hukumatinig Amaliy va gumanitar fanlar bo‘yicha ekspertlar kengashi a’zosi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Dilfuza Egamberdieva so‘z oldilar. Ular ilm-fanning rivojiga to‘siq bo‘luvchi omillar haqida qiziqarli tarzda, dalillar asosida, mufassal yo‘sinda o‘z mulohazalarini bildirdilar. Xususan, bugungi kunda nima uchun o‘zbek olimlarining ilmiy maqolalari aksariyat hollarda "qaroqchi" jurnallarda chop etilayotgani, ilmiy maqola yozish tartibi va shartlari, plagiatorlikning xunuk oqibatlari, ilmiy tadqiqotlar jarayonida noto‘g‘ri harakatlar va ularning asosiy sabablari va oldini olishdagi muhim tadbirlar xususida qator foydali ma’lumotlar berib o‘tdilar. Ilova tarzida shuni qayd etish joizki, xalqaro miqyosda tan olingan ilmiy jurnallarda Respublika oliy ta’lim muassasalari olimlari tomonidan so‘ngi ikki yilda chop etilgan ilmiy ishlari soni keskin oshdi. Agar 2018 yilda nufuzli ilmiy jurnallarda atigi 276 maqola nashr etilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 3,3 baravarga oshgan, ya’ni 965 ta maqola, 2020 yilda esa faqatgina 6 oy ichida 1760 tadan ortiq maqola chop etildi va 2018 yilda chop etilgan maqolalar soniga nisbatan 7 marta oshgan. Bu natijaga eng katta hissa qo‘shgan oliy ta’lim muassasalari ichida O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasini alohida ta’kidlash joiz. O‘zbekiston olimlari, tadqiqotchilari, talabalar Vazirlik va Elsevier kompaniya orasidagi kelishuv asosida dunyoda tan olingan SCOPUS va ScienceDirect xalqaro eng zamonaviy ilmiy texnika ma’lumotlar va tahliliy tizimlarni imkoniyatlari bilan bepul foydalanish xuquqiga ega bo‘ldilar. Bir yil ichida Elsevier kompaniyasi Digital Commons (Bepress) bazasida double-blind peer review konfiguratsiyasini qo‘llab, 41 ilmiy jurnalni birlashtirib, «Uzbekistan Research Online» noyob raqamli platforma yaratildi.

 

2020 yilda platformadagi jurnallardan 62 300 ilmiy maqolalarning matnli fayllari 106 ta mamlakatning tashkilotlari tomonidan to‘liq yuklab olindi. Platforma bazasidagi ilmiy maqolalarning umumiy soni 4733 taga yetdi. Ilk bor QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings) xalqaro reytingida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 300+1 o‘rinni, THE (Times Nigher Education) xalqaro Impakt-reytingi ro‘yxatida O‘zbekiston Milliy universiteti 601 va shu reytingni soha yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent tibbiyot akademiyasi 301—400, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 201-o‘rinni egalladi. Falsafada miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tishi qonuniyati bor, shunga monand holda endilikda maqolalarning mazmuni va sifatiga e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiqligi vebinar seminarda alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida Respublika oliy ta’lim kengashi raisi O‘ktam Umurzakov ilmiy faoliyat bilan faol shug‘ullanaman deb bugungi vebinarda ishtirok etayotganlar uchun o‘zlarining qimmatli maslahatlarini bergan vatandoshlarimiz Dilfuza Egamberdieva hamda moderator Kamoliddin Berdievlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.

TIQXMMI matbuot xizmati