“SUSADICA” – Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish loyihasi doktorantlari bilan hamkorlik

Talaba-yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, shaxsiy rivojlanishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish hamda ilmiy tadqiqotlarda bevosita ishtirok etish orqali ilmiy me’tod va usullar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun SUSADICA loyihasi jamoasi TIQXMMI talabalari bilan loyihaning Germaniyada tahsil olayotgan doktorantlari o‘rtasida Tandem hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlab, ushbu hamkorlik doirasida doktorantlar bilan ilmiy yo‘nalishda hamkorlik olib borish istagida bo‘lgan talaba va magistrantlarni aniqlash maqsadida TIQXMMIning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarida e’lonlar berildi. Arizalar SUSADICA loyihasi doktorantlarining quyidagi ilmiy mavzulari bo‘yicha berilgan topshiriqlari asosida qabul qilindi:

  • O‘zbekistonda fermerlarining rag‘batlantirilishi va investitsion harakati;
  • O‘zbekistonda ekinlar xilma-xilligini rivojlantirish;
  • 1991 yildan hozirgi kungacha O‘zbekistonning yer osti suvlaridan foydalanish siyosatiga sharh;
  • Klasterlarning joriy etilishi va shakllanishiga turtki beradigan omillar;
  • Qishloq xo‘jaligi texnologiyalarining iqtisodiy tahlili;
  • Qirg‘izistonda ob-havo o‘zgarishiga chorvachilik va uy xo‘jaliklarining munosabati;
  • Iqlim o‘zgarishining Qashqadaryo daryo havzasining mavsumiy oqimiga ta’siri;
  • O‘zbekiston irrigatsiya sohasidagi siyosatning rivojlanishi;
  • Qishloq xo‘jaligidagi subsidiyalarning Qirg‘iziston va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi savdosi va o‘sishiga ta’siri.

Mazkur e’lon bo‘yicha institutning 20 ga yaqin talaba va magistrantlaridan arizalar qabul qilindi. Talabalarning ilmiy yo‘nalishlari, ular tomonidan tanlangan mavzular, til bilish darajalari hamda boshqa talablar asosida 11 nafar talaba keyingi bosqichga, ya’ni, SUSADICA loyihasi doktorantlari bilan online suhbatlar o‘tkazish bosqichiga o‘tkazildi. Shundan so‘ng, talabalarning bo‘sh vaqtlari va imkoniyatlarini inobatga olgan holda, ular bilan doktorantlar o‘rtasida MS teams va ZOOM platformalari orqali onlayn intervyular tashkil etildi. Intervyuda talabalarning qiziqishlari, rejalari va maqsadlari to‘g‘risida fikrlar almashildi. Hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, maqsadlar, vazifalar, hamkorlik shartlari va talabalar uchun yaratiladigan imkoniyatlar hamda imtiyozlar muhokama qilindi.

 

Hamkorlikda ish olib borish talablari, talaba va doktorantlar o‘rtasida tashkil etilgan online intervyular natijalari, shuningdek, TIQXMMI talabalarining roziliga ko‘ra bugungi kunda SUSADICA loyihasining 6 nafar doktoranti va TIQXMMIning 6 nafar talabasi hamkorlikda ish olib bormoqda. SUSADICA doktorantlari bilan hamkorlikda ish olib borish orqali TIQXMMI talabalari turli xil ilmiy usullardan foydalanish, tadqiqotlar o‘tkazish hamda hisobot yozish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi. Hamkorlik doirasida berilgan topshiriqlarni amalga oshirish bo‘yicha sayoxat, turar joy va kunlik xarajatlar bo‘yicha umumiy xarajatlar har bir SUSADICA doktorantining tadqiqot byudjetidan qoplanadi. TIQXMMI talabalarining hisobotlari va xulosalari doktorantlar ilmiy ishlarida foydalanilishi mumkin. Shuningdek, muvaffaqqiyatli hamkorlik magistrantlarning dissertatsiyalarini yakunlashga hamda talabalar uchun umumiy mavzular bo‘yicha birgalikda xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish imkoniyatini yaratadi.

TIQXMMI matbuot xizmati