El erki deb egilmagan Qodiriy qadri

Talabalar ongiga milliy qadriyat, ma’rifat, mustaqillik mafkurasi singari tushunchalarni singdirish vatanparvarllika da’vatdir. Boshqacha aytganda, chinakam ma’naviy jasoratdir. Bugungi kunimizni istiqlolimizni orzu qilgan o‘tmish ajdodlarimizning ezgu amallarini talaba yoshlarga yetkazish ma’rifiy o‘gitdir. Shubhasizki, bu borada institutimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Muntazam ravishda axborot soatlarining tashkil etilishi buning misolidir. Ayni paytda “Ibratli, ijodkor insonlar” ruknida muntazam ravishda uyushtirilayotgan ijodiy uchrashuv ham ma’naviy harakatimizning o‘ziga xos ifodasi. Eli e’zozlagan, elining erki deb kurashgan barhayot siymolardan biri, bu Abdulla Qodiriydir. Institutimizda tashkil etilgan buyuk ma’rifatparvar adibimizing 125 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy tadbir ham ana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston xalq artisti, suyukli san’atkorimiz Gulchehra Jamilova hamda filologiya fanlari doktori, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professori Jo‘raqulov Uzoq Haydarovichlar ishtirok etishdi. Tadbirni moderator sifatida adabiyotshunos olim Rahimboy Jumaniyozov olib bordi.

Tadqiqotchi olim adib ijodining muhim qirralari, uning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rni va o‘zi yashagan davr mafkurasining qurboni bo‘lgani borasida misollar asosida qiziqarli ma’lumotlar keltirib o‘tdi. Abdulla Qodiriyning o‘zbek romanchiligining asoschisi sifatida tanitgan mashhur asari “O‘tgan kunlar” romani asosida ishlangan badiiy filmda asosiy obrazlardan biri Kumushbibi rolini ijro etgan Gulchehra Jamilova bu rolni ijro etish uchun 600ta xotin-qizlar saralanganini aytib o‘tishdilar. Rejissyorlar ular ichidan faqat Gulchehra Jamilovaning tanlaganlarini ta’kidladilar. Bu esa asarning yutuq va ommalashishiga asos bo‘lganini e’tirof etish o‘rinlidir.

Tadbir savol-javoblar ruhida o‘tdi. Ayniqsa, ushbu tadbirni yoritish uchun tashrif buyurgan, iqtidorli jurnalist, “Muzaffar.uz” saytining rahbari Umbarov Muzaffar Muhammadnazarovich ishtirokchilarni savollarga “ko‘mib” tashlagani ham tadbirni ancha jonlanganiga bois bo‘lgani haq. Tadbir yakunida o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etgan mehmonlarga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori hamda “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi direktori tomonidan imzolangan faxriy yorliqlar topshirildi.

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi B. Muqimov axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov