Istiqbol mevalari

Har bir davlatning iqboli va istiqboli o‘sib kelayotgan avlod va unga bo‘lgan e’tibor bilan bog‘liq. Yoshlarga e’tibor masalasi davlatimizning ustuvor siyosatidan biriga aylangani rost. Muhtaram Prezidentimizning o‘tgan yili 30 iyunni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilganligi ham kelajakning bunyodkori va ertangi kunning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarga umid va ishonch bilan qarashning kafolatidir.

Shu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar konsepsiyasi asosida 30 iyun – “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha Respublikamiz bo‘ylab yirik olim va nufuzli insonlardan tarkib topgan guruhlar faoliyat yuritishdi.

Institutimiz rektori O‘.Umurzakov rahbarligidagi guruhning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi Kegeyli, Chimboy va Qorao‘zak tumanlaridagi yosh avlod qalbida kelajakka ishonch tuyg‘usini uyg‘otibgina qolmay, balki el-yurt manfaati uchun fidoyilik va shijoatga, kengqamrovli bilimga ega bo‘lishga ham da’vat etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

27 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi K. Soliev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Inoyatov, institutimiz rektori O‘.Umurzakov va boshqa tegishli soha vakillari ishtirokida 30 iyun - Yoshlar kunini Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etiladigan gala konsertlarning reja jadvali asosida o‘tkazish bo‘yicha bajariladigan ishlarga oid  yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Xuddi o‘sha kuni Institutimiz rektori O‘.Umurzakov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani hokimi M.Abdirov bilan 30 iyun - Yoshlar kunini Kegeyli tumanida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha o‘zaro fikrlashdilar. 30 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan gala konsert maydoni ko‘zdan kechirildi va tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ular Chimboy tumani hokimi P.Esjanov bilan reja bo‘yicha o‘zaro fikr almashinishdi. Tuman hududidagi chekka qishloqlarda “Yoshlar teatr studiyalari”ning spektakllari namoyishida ishtirok etishdi.

So‘ngra Qorao‘zak tumani hokimi D. Utemuratov bilan munozaralar olib borilishi asosida tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oila farzandlariga sovg‘alar tarqatildi.

Yoshlarni sog‘lom turmush tarziga tortish, ularni sportga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otish maqsadida sportning voleybol, kurash, futbol turi bo‘yicha sport musobaqalari tashkil etildi. Shuningdek, yoshlarni ijodga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otish, san’at, madaniyat, milliylik ruhida tarbiyalash maqsadida “Dutorchi qizlar” va madaniyat xodimlari bilan uchrashuvlar tashkillashtirildi.

Tadbirlarda 3000ga yaqin yoshlar ishtirok etib o‘z salohiyatlarini namoyish etishdi. Istiqbolimiz mevasi bo‘lgan yoshlarning iqboli porloq bo‘lishi ularning vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi va fuqarolik burchini chuqur his etishlariga bog‘liq. Ulug‘ yurtning qutlug‘ niyatli avlodi ham ajdodlar an’analariga sadoqatli bo‘lishi bilan belgilanadi.

           

 Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.