Ekologik markaz rahbarining taklifi

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning yangi tayinlangan bajaruvchi rahbari Mahmudov Zafar Xakimovich TIQXMMIga rasmiy tashrif buyurdi. Uchrashuvda institut rahbariyatidan rektor O‘. Umurzakov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Salohiddinov, EkoGAT markazi boshlig‘i A.Pulatov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sh.Raxmonov, MOMEM markaziy rahbari Z.Maxmudov, MOMEMning O‘zbekistondagi direktori Sh.Umarov, MOMEMning Ilmiy, loyiha va resurslarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh.Axmedov tarkibda muzokaralar olib borildi. Nufuzli mehmon Zafar Hakimovich ish jarayonida ko‘p yillardan beri institutning dovrug‘ini eshitgani va tashrifidan faxrlanishini ta’kidlab o‘tdi.

Z. Maxmudov Markaziy Osiyo davlatlarining suv resurslarini boshqarish va ekologiyani ijobiy jihatlarini o‘rganib boshqa hududlarga ham tarqatish MOMEMning vazifalaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Institutimiz rektori, avvalo, ularning MOMEMning rahbari etib saylangani bilan tabrikladi. Bugungi kungacha hamkorlikda qilingan samarali loyihalar, ularning talaba, magistrantlar hayotida katta o‘zgarishlar keltirgani aytib o‘tildi. Shu jumladan, Smart vaters loyihasi doirasida g‘olib bo‘lgan talabalar ko‘plab boshqa musobaqalarda sovrinli ishtiroki haqida batafsil aytildi.

Rektor O‘.Umurzakov suv va ekologiya bo‘yicha Markaziy Osiyo talabalarini magistratura bosqichini TIQXMMIda tahsil olish nafaqat magistrantlar, balki kelajak rahbarlar bo‘lib yetishib o‘zaro kelishgan holda suv va ekologiya muammolarini bahamjihat tarzda hal qilishda qo‘l kelishini ta’kidlab o‘tdilar. Shuningdek, rektor O‘.Umurzakov tomonidan TIQXMMI iqtidorli talabalarning suv va ekologiya bo‘yicha she’rlarini kitob qilib chiqarilayotgani va bu lirik chekinish albatta, ilmiy izlanishda bilvosita ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aytib o‘tildi.

Rektor uchrashuvda 3 (innovatsion) g‘oyani ilgari surishdi. Birinchisi hamkorlikda magistraturani joriy etish, ikkinchisi Markaziy Osiyo professorlari o‘zaro SCOPUSda ilmiy maqolalar va izlanishlar bajarish va uchinchisi suv va ekologiya bo‘yicha xalqaro olimpiada o‘tkazish kabi g‘oyalar ilgari surildi. Shuningdek, uchrashuv so‘nggida esdalik sovg‘alari ulashildi va faxriy mehmon sifatida institut eshiklari doim ochiq ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sh. Raxmonov axboroti

Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov