HAMKORLIKNING MUSTAHKAM TIZIMI
Germaniyalik vatandosh - xorijiy olimlar ishtirokida TIQXMMIda ¨Qishloq xo‘jaligida texnologiyalarni qo‘llash iqtisodiyoti¨ mavzusida bir haftalik seminar tashkil etildi. Vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimini yaratish hamda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida 2019 yilning 29 iyulidan 2 avgustigacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida vatandoshlar - Germaniyaning O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Leybnis instituti (IAMO) olimlari, Dr. Nodir Djanibekov va Dr. G‘olib Sanaevlar tomonidan ingliz tilida ¨Qishloq xo‘jaligida texnologiyalarni qo‘llash iqtisodiyoti¨ mavzusida doktorantlar va yosh o‘qituvchilar uchun ilmiy seminar muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Mazkur ilmiy seminarda asosan qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va ularning amaldagi tatbiqi bilan o‘zaro munosabatlarini tahlil qilish bo‘yicha tadqiqotchilarning bilim va tajribalarini oshirishga e’tibor qaratilib, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash uchun mos agrar siyosatni aniqlash bo‘yicha seminar ishtirokchilarida zaruriy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish maqsad qilingan.
Ilmiy seminar jarayonida fermerlarning qaror qabul qilish, induksiyalashgan texnologik o‘zgarish modeli, qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini qo‘llashda tanlov eksperimentlari, texnologik turg‘unlik, innovatsion texnologiyalarni tadbiq etish va innovatsiyalarni tarqalishi to‘g‘risidagi tadqiqotlarlar qamrab oluvchi bilimlar berildi.
Ilmiy seminarda TIQXMMI SUSADICA (Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish” PhD maktabi doktorantlari, yosh professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda ToShDAU, TDIU tadqiqotchilari ham faol ishtirok etishdi.
TIQXMMI Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori T.Sultanov,
SUSADICA (Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish” PhD maktabi mas’ul koordinatori Dr. N.Muxamedova
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov