Tayanch doktorantlar hududlarda

Barchamizga ma’lum bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida ilm-fanga va ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga yangi bosqichga chiqib, rivojlanib bormoqda. 2020 yil 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Miromonovich tomonidan Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytgan so‘zlariga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Yurtboshimiz ilm-fan sohasi vakllari oldiga “Oliygoh, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar o‘rtasidagi muloqot qanday?” deya savol qo‘ydi hamda kamchiliklarni ko‘rsatib, 2021 yilda qilinadigan aniq vazifalarni, chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ham institut rahbariyati tomonidan bugungi kunda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, loyihalar, grantlar, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlariga ilmiy yangiliklarni joriy qilish borasida ilmiy tadqiqotchilarga barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda. Yurtboshimiz shart-sharoilar yaratib bermoqda, institut rahbariyati qo‘llab-quvvatlamoqda  “Bundan ilmiy tadqiqotchilar, yosh olimlar to‘g‘ri va samarali foydalanyaptimi?” degan savolni yoshi katta va yaxshi natijalarga qiyinchilik bilan erishgan ustozlarimiz berishi aniqdir. Biz yosh tadqiqotchilar faqat o‘ylash va xulosa bilan cheklanib qolmay, yanada ko‘proq ishlab, harakat qilish va muammolarga yangicha yondoshib, ilmiy ishlar sifati va samaradorligini oshirishimiz eng asosiy vazifamiz ekanligini bir soniya ham unutmasligimiz lozim. 2021 yil 23 apreldan 30 aprelgacha 08.00.04 “Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” ixtisosligi tayanch doktorantlari U.Alimov, M.Yaxyayev, A.Berdimurodov iqtisodiyot kafedrasi mudiri B.Sultonov va kafedra professori S.Umarov boshchiligida Jaxon banki tomonidan moliyalashtirilgan Akademik innovatsiyalar fondi tomonidan “Agrar innovatsiyalar va resurslar fanlararo laboratoriyasi” loyihasi doirasida monografik tadqiqotlarini o‘tkazish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurishdi. Shuningdek, Bozor islohotlari ilmiy tadqiqot instituti hodimlari o‘tkazayotgan so‘rovnomalarda ham birgalikda ishtirok etishdi. Dastlab, harakat rejasi tuzib olindi va Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani olis tog‘ oldi hududi hisoblangan Kaltaqo‘l qishlog‘iga tashrif buyurildi.

Qishloqda joylashgan maktabda qishloq aholisi bilan suhbatlashib, so‘rovnoma o‘tkazildi. Qishloqning o‘ziga xos xususiyatlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlari, qishloqning chorvachilik, bog‘dorchilik, turizm, dehqonchilik, baliqchilik va boshqa sohalardagi shart-sharoitlari o‘rganib chiqildi. Qishloqdagi maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazilib, oliy ta’limdagi imkoniyatlar va institut haqida o‘quvchilarga ma’lumotlar berildi. Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani, Koson tumaniga tashrif buyurilib, yaylov chorvachiligini rivojlantirish, oziq ovqat xavfsizligini ta’minlashda polizchilik tarmog‘ini samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda innovatsiyalarni keng joriy etilishi bo‘yicha dehqon xo‘jaliklari, fermer xo‘jaliklari, chorvachilik tarmoqlari, uy xo‘jaliklari va aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Fermerlar, dehqonlar va aholi bilan suhbatda real holatda qilinadigan ilmiy tadqiqot ishlari, yangiliklar, uslubiy ishlar, tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilishi bilan bog‘liq muammolar hamda ilmiy tadqiqot metodikalarini shu muammolar asosida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ham xulosa olindi. Dalaga chiqib, joyiga borib ko‘rish, suhbatlashish va amaliyotni his etishda erishilgan natida va xulosa nima bo‘ldi? Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va dehkonchilik bilan shug‘ullanishda qiyin sharoitda ishlayotgan dehqonlar, ishchilar ilmiy asoslanmagan bo‘lsada, ancha oldinga o‘tib ketganini ko‘rdik yoki biroz ortda qolganini sezdik. Bunday so‘rovnoma o‘tkazish yoki tadqiqot olib borish uchun uchun ikki-uch kun yoki besh-olti kun yetmasligini anglab yetdik, shuningdek, muammolar juda ham ko‘p, muammoni hal etish uchun bir ikki kishi bo‘lib emas, jamoa bo‘lib ishlansa oz bo‘lsada natijaga erishamiz.

Yana bir asosiy masala sohadagi qonun hujjatlari, yangiliklarni bilishi, o‘z huquqlarini anglab yetishi borasida ham sezilarli kamchiliklar borligi ko‘zga tashlandi. Ikki nafar professor uch nafar ilmiy tadqiqotchiga bosh bo‘lib borgani muammolarga ilmiy yondoshish uchun yaxshi bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda dehkonlar, chorvadorlar, fermerlar va ishchilarga tavsiyalar berildi, maslahatlar berildi. Ular bilan keyinchalik ham aloqada bo‘lib, birgalikda ish olib borishga kelishib olindi. Bu ishlarni Respublikamizning boshqa hududlarda ham amalga oshirish bo‘yicha rejalarni tuzib chiqishga qaror qildik. Hamma natija va real holatdagi ishlar hududlarni o‘rganish ekanligini anglab yetdik. Bu yosh tadqiqotchilar uchun katta dars bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Taklif sifatida institutimizdagi barcha ilmiy tadqiqotchilarni hududlar kesimida o‘z mavzusi doirasida hududlarga tashrifini uyushtirilsa, institutimizning ilmiy salohiyati oshishiga hamda o‘quv jarayoni sifati yanada oshishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Institut rektori va Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorimiz dalaga va ishlab chiqarishga borib o‘rganinglar deb aytishi bejiz emasligini ham angladik. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich aytganlaridek, “Bir narsani bilishimiz kerak: ilmsiz, innovatsiyasiz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga hech qachon erisha olmaymiz”. Bu so‘zlarni tahlil qilib o‘ylab ko‘rishimiz lozim deb bilamiz. Tashrifni amalga oshirishda amaliy yordam bergan institut rahbariyati va Jaxon banki tomonidan moliyalashtirilgan Akademik innovatsiyalar fondi tomonidan “Agrar innovatsiyalar va resurslar fanlararo laboratoriyasi” loyihasi kordinatori U.Sangirovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.