“Mening oilam – mening faxrim”
31-mart kuni 3-TTJda “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti qizlari bilan institut psixologi M.K. Muxamedova oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan “Oila mustahkam bo'lishida ayollarning roli” mavzuida tadbir o'tkazdi. Tadbirda YeRB fakultet yoshlar bilan ishlash dekan o'rinbosari H. Eshova, TTJ tarbiyachi pedagogi A. Xayitova, YeRB fakulteti xotin-qizlar kengashi a'zosi O. Ro'ziqulova va YeRB fakulteti 1-3kurs qizlari qatnashishdi. Tadbirda oila jamiyatning asosi ekanligi, oilalar yig'indisi jamiyatni tashkil etishi, oila mustahkam bo'lsa, demakki jamiyat, mamlakat ham mustahkam va barqaror bo'lishi va bunda ayollarning roli juda ham ahamiyatli ekanligi haqida so'z yuritildi. Barcha ishtirokchilar o'z oilasidagi ayollarning tutgan o'rni va ayol kishi oila mustahkam bo'lishi uchun qanday xususiyatlarga ega bo'lishi lozimligi haqida o'z fikrlarini bildirib o'tishdi. Tadbir o'yin va treninglar bilan qiziqarli tarzda olib borildi. Ishtrokchilar to'rt guruhga bo'linib “Oila” so'ziga ijobiy sifatlar keltirib o'tishdi. “Biz birdam oilamiz” o'yin mashg'ulotida ishtirokchilarga besh barmoqlarini chizib, har bir barmoqqa o'z oilalariga tegishli bo'lgan birdamlikni ta'minlovchi an'analari haqida yozish ko'rsatmasi berildi.
Barcha ishtirokchilar bu mashg'ulotda faol qatnashib o'z oilalarining an'ana va qadriyatlarini sanab o'tishdi va mashg'ulot oxirida muhokama qilindi. Tadbir oxirida “Vaqt va uning qadri” haqida so'z yuritildi, va oila mustahkamligida vaqtning qanchalik ahamiyatliligi haqida ishtirokchilarga tushuncha berildi. Va “Mening beshta yaqinlarim” o'yin mashg'uloti o'tkazildi va muhokama qilindi. “Bir bo'lak oltinga bir bo'lak vaqtni sotib ololmaysan” Xitoy maqoli va “Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q” O'zbek xalq maqollari orqali ishtirokchilarga barcha yaqinlarimiz sog' va salomatliklari, yonimizda ekanliklarida ularni qadrlab, izzat-hurmatlarini joyiga qo'yish lozimligi va ularga loyiq farzand bo'lish bizning burchimiz ekani haqida so'z yuritildi va kim vaqtni qay darajada idrok eta olishini aniqlash maqsadida “Mening sekundomerim” o'yin mashg'uloti o'tkazildi. Ishtirokchilarga har kim ichida sanamasdan bir minut vaqtni taxminiy o'lchash va kim bir minut daqiqa o'tdi deb hisoblasa qo'lini ko'tarishi kerakligi ko'rsatmasi berildi.
O'yinda barcha ishtirokchilar bir minut o'tmasdan qo'llarini ko'tarishdi. Bu bilan ularda shoshqaloqlik xususiyati mavjudligi aniqlandi. Ishtirokchilarga ayol kishi idrokli bo'lishi shart ekanligi ayrim vaqtda shoshib hukm chiqarishning salbiy oqibatlari haqida tushuncha berildi. Ayrim vaqtlarda esa, ayniqsa kimgadir tez yordam berish kerak bo'lib qolsa shoshqaloqlikning ham ijobiy tomonlari haqida so'z yuritildi. Tadbirda ishtirokchi qizlar ayol kishi har bir masalaga tadbirkorlik bilan yondoshib, “oltin o'rtalik”ni idrok etib fikr yuritsa, har bir masalada me'yor va mezonidan oshirmay harakat qilsa hayotda o'z o'rinlariga ega bo'lishlari mumkinligi haqida ma'lumotlar olishdi. Tadbirda qatnashgan barcha yuqorida nomlari zikr etilgan pedagoglarimiz ham o'zlarining oltindan qimmatli hayotiy tajribalari, oilada ayol kishining o'rni va roli haqida so'zlab ishtirokchilarga maslahatlar berishdi.Tadbirda YeRB 115-guruh talabasi Qurbonova Shahnoza, YeRB 113-guruh talabasi Bozorboyeva Maftuna, YeRB 301-guruh talabalari Abdukarimova Iroda va Xolmo'minova Nargizalar faol qatnashishdi. Tadbir qizg'in tarzda o'z yakuniga yetdi.
Institut psixologi M.K. Muxamedova axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati