Kelajak energiyasi
Ko`pchilikka ma’lumki, dunyoda yer osti qazilma boyliklari yildan yilga kamayib bormoqda. Shuning uchun dunyodagi yetakchi davlatlar energiya iste’molini boshqa yoqilg`ilardan, xususan, qayta tiklanuvchan energiya turlaridan, quyosh, shamol, yerosti issiqligi va biomassalardan olish yo`lida ilgarilab ketishdi. Shunisi ajablanarliki, Yevropada quyosh kunlari kam bo`lsa ham, bu sohada ularga teng keladigani yo‘q. Qayta tiklanuvchan energiya manbalari oz bo`lsada, undan judayam samarali foydalanish yo`llarini topishgan va yangidan yangi texnologiyalarni ishlab chiqishib, butun dunyoga sotishadi. Yevropaning o`zining qazilma boyliklari bo`lmagani uchun, yangi texnologiyalarni ishlab chiqib, uning hisobiga o`zlarini ta’minlashadi. Shuning uchun, qayta tiklanuvchan energiya manbalari barcha turlari bo‘yicha ularda markazlar, institutlar, agentliklar va vazirliklar bor. Ular juda yaxshi samara bermoqda. Bizning o‘lkamizda esa, quyoshli kunlar juda ko‘p, qariyb 330 kunni tashkil etadi. Demak quyosh energiyasidan foydalanishga biz uchun juda katta qulayliklar mavjud. Ayni vaqtda elektr energiyasining muqobil manbalarini joriy etishni jadallashtirish yurtumizning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanib kelmoqda. Shu sababli ilmiy markazlar bir necha yillardan buyon muqobil elektr energiyasidan foydalanish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida yurtimiz energetika sohasini o`rganishmoqda.
Kelajakda yurtimizda energetik, ekologik, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda hamda energetika sohasini barqaror rivojlantirish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, shak-shubhasiz zarurdir. Kelgusi avlodlar uchun tabiiy boyliklarni saqlab qolish va ekologiyani muhofaza qilishning zaruriy sharti qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalarini o`zlashtirish hisoblanadi. Qayta tiklanuvchan energiya manbalari, zamonaviy qurilmalari haqida talabalarga yangi ma’lumotlar berish bo`yicha institutimizning professor-o`qituvchilari chuqur izlanishlar olib bormoqdalar. Shu munosabat bilan “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasining 409 - guruh talabalarini A.Q.Davirov boshchiligida qayta tiklanuvchan energetika jihozlari ishlab chiqaradigan tashkilotlar bilan hamkorlik ishlarini olib borish hamda shu soha vakillari bilan nazariy va amaliy bilimlarini almashinish maqsadida ekskursiya tashkil qilindi. Talabalar bilan “Xalqaro quyosh institutiga” borib u yerda zamonaviy quyosh energetik jihozlari, quyosh panellari va quyosh energetikasiga aloqador barcha qurilmalar haqida ma’lumotlar olindi. Talabalar o`zlarini qiziqtirgan barcha savollariga yetarlicha javob olishdi.
“ Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari “ kafedrasi assistenti Alisher Davirov axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov