"Buvijonim kiygan liboslar” ko‘rik-tanlovi
Barchamiz bilamizki, libos — kishining tashqi ko‘rinishi, ma’naviy dunyosi, tafakkuri hamda ichki xislatlarini o‘zida namoyon eta olish xususiyatiga egadir. Har bir kishi o‘zi kiygan libosi orqali boshqalar tasavvurida kim va qanday odam ekanligini ko‘rsatib beradi. Bugungi kunda yurtimizda kiyinish madaniyatiga bo‘lgan e’tibor talab darajasi sifatida ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda “Ommaviy madaniyat” ta’siri ostida Yevropa mamlakatlarida hozirda urfga kirgan “yirtiq-yamoq” kiyimlarni biz ko‘cha-ko‘ylarda yoshlarimizda ham ko‘rib bormoqdamiz.
Ochig‘i, oxirgi paytlarda bularni ko‘raverib, ajablanmay ham qo‘ydik. Joriy yilning 4 dekabr kuni institutimizda Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R. Choriyev, institut hotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z. Xafizova, “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti dekani Sh. Narbayev, va Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova va “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti xotin-qizlar kengashi raisi N.Holiqova tashabbusi ostida o‘zbek milliy qadriyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan “Buvijonim kiygan liboslar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlovni o‘tkazishimizdan asosiy maqsad esa yoshlarimizni ma’naviyatida tarixiy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tiborini oshirish, kelajakda ular barkamol inson bo‘lib tarbiya topishiga erishishdir.
Albatta, buning zamirida yoshlarimizning kiyinish madaniyatiga bo‘lgan munosabati yaxshilanadi, shu bilan birga o‘zbek milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda davom etadi. Tadbir davomida talaba qizlar tarixdan qizlarimiz, onaxonlarimiz-u, buvijonlarimiz kiygan milliy liboslardan ko‘rgazmalar namoyish etishib, eng yaxshi deb topilgan libos egalariga institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Institut xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Xafizova va YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov