Ibrat va ma’rifatxona manzilgohida

Insonning holati va kayfiyati uning ruhiyatiga bog‘liq. Ruhiyatning tetikligiga sabab esa san’at va adabiyotni his etishdir. Teatr xuddi shu ma’noda ibratxonadir. U - ma’naviyatning o‘chog‘i, ma’rifatning mayog‘i. U so‘z, soz, ovoz hamda harakat bilan ma’no tashiydi, manzara yaratadi. Sizda qaysidir ma’noda antipatiya va simpatiya uyg‘otdimi bas, demak, uning ta’sirchanligi ta’minlangan bo‘ladi. TIQXMMI ning 300 chog‘lik talaba va pedagoglari Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali va drama teatriga tashrif buyurishdi. Teatrda 8-Mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramiga bag‘ishlanib, "Biz sog‘ingan qo‘shiqlar" deb nomlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Bayram konsertida turli spektakllardan lavhalar namoyish qilindi. Jumladan, "Tohir va Zuhra", "Layli va Majnun", "Olifta", "Qaychi qudalar" va boshqa spektakllardagi kuy-qo‘shiq, raqslar ijro etildi. Teatr aktrisasi - Gulasal Rahmonova va aktyor - Ilhom Atamirzaev kechada boshlovchilik qilishdi.

Muqimiy nomidagi O‘zbekiston Davlat musiqali teatri aktrisalari - Ma’suda Otajonova, Zulfiya Umirova, Dilorom Abdualimova, Musallam Dadajonova, Surayyo Yusupova; teatr aktyorlaridan - Qobil Umirov, Omon Yo‘ldoshev, Oltinbek Saparaliev va boshqalar turli rollar ijro etishdi. Teatr jamoasidan tashkil topgan raqqosalar turli raqslari bilan spektakl parchalaridagi qo‘shiqlarga o‘zgacha tarovat baxshida etishdi. Ayniqsa, aktyor, muqallid ustasi, solist-vokalist - Nurbek Mamatovning sahnadagi ijrolari tomoshabinlarning gulduros qarsaklariga sababchi bo‘ldi. U ustoz san’atkorlarimizning ovozi, qiliqlariga taqlid qilish barobarida, qo‘shiqlar ham kuylab, barchaga kulgu ulashdi.

Teatrning bir guruh aktyorlari tomonidan tayyorlangan musiqiy-tomoshaviy dastur barchaga birdek ma’qul keldi. Dam qo‘shiq, dam teatr tomoshalarini uyg‘unlikda tortiq qilgan teatr ahlining dasturi zavq-u shavq baxsh etibgina qolmay, balki talaba qizlarimiz uchun bayram oldi tabrigi ham bo‘ldi deyish mumkin. Mumtoz shoirlarimizning she’rlari bilan aytiladigan umrboqiy yallalar ijro etilgan paytda institutimiz xotin - qizlar kengashi raisasi Zulfiya Hafizova beixtiyor o‘tirgan joyida ularga jo‘r bo‘lib hatto, qo‘shiq aytib ketganini sezmasdan qoldi.

Shuni alohida e’tirof etish kerakki, iqtidorli aktyor, muqallidlik san’atining mohir ijrochisi Nurbek Mametovning chiqishi esa barcha tomonidan olqishlarga sabab bo‘ldi. U mashhur san’atkorlar Soyib Xo‘jaev, Hamza Umarov, Vohid Qodirov, Afzal Rafiqov, Erkin Komilov, Jo‘raxon Sultonov, Og‘abek Sobirovlarning ovozi va ijro manerasiga taqlid qilib barchani lol qoldirdi. Kecha so‘nggida TIQXMM instituti dotsenti R. Jumaniyozov so‘zga chiqib, aktyor va aktrisalarga institut rahbariyati va jamoasi nomidan minnatdorchilik bildirdi va barcha ayollarni yaqinlashib kelayotgan 8-Mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan tabriklagancha she’rlar o‘qib berdi. Kecha juda qiziqarli va maroqli o‘tdi. Tadbirni tasvirga olish va yoritish bobida qilgan xizmatlari uchun “Muzaffar.uz” saytining rahbari, iste’dodli jurnalist va fotomuxbir Muzaffarjonga minnatdorchilik bildiramiz.

TIQXMMI matbuot xizmati