“Erasmus+Axborot kuni” nomli tadbir bo’lib o’tdi
Joriy yilning 4 oktabr kuni O’zbekistondagi Erasmus+ Milliy Ofisi (NEO) tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Erasmus+Axborot kuni” deb nomlangan tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda loyihalarga hujjat topshirish, ularga qo’yiladigan talablar, loyihani yozish va boshqarish bo’yicha axborot hamda ko’rsatmalar berilib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan loyiha rahbarlari o’zlarining tajribalari bilan o’rtoqlashdilar. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida Respublikamiz OTMlari tomonidan hamkorlikda amalga oshirilgan va amaldagi xalqaro loyihalar ko’rgazmasi ham tashkil etilib, bunda bir qator turli yo’nalish va sohalarga qaratilgan loyihalar ishtirok etdilar. Jumladan, mazkur ko’rgazmada institutimizning “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi jamoasi – loyihaning O’zbekistondagi Milliy koordinatori va “Yerdan foydalanish” kafedrasi tayanch doktoranti I.Abdurahmanov, “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi katta o’qituvchisi M.Akbarov, Xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i Sh.Raxmonov, “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi tayanch doktoranti Z.Mamatqulov, va Xalqaro hamkorlik bo’limi uslubchisi A.Xamraliyev ishtirok etdilar.
Ko’rgazma davomida DSinGIS loyihasiga tadbir ishtirokchilari orasidan qiziquvchilar ko’payib, loyiha to’g’risida umumiy ma’lumot, uning maqsadi va vazifalari haqidagi ma’lumotlarga ega bo’ldilar, shuningdek, o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Mazkur loyiha doirasida olingan Geodezik texnik vositalar ham ko’rgazma ishtirokchilari diqqatini tortdi. “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi tayanch doktoranti Z.Mamatqulov ko’rgazma ishtirokchilari uchun qurilmalardan foydalanish yo’li hamda olingan natijalarni tahlil qilish usullari to’g’risida tushunchalar berdi. Ko’rgazmada ishtirok etgan barcha loyihalar bir qator Yevropa hamda Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan ekspertlar tomonidan o’rganib chiqilib, turli kriteriyalar bo’yicha baholandi. Unda institutimizda amalga oshirilayotgan “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi ko’rgazmada ishtirok etgan xalqaro Erasmus+ loyihalari orasida faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritdi.
DSinGIS loyihasi haqidagi batafsil ma'lumotlarni loyihaning quyidagi web sahifalari orqali olishingiz mumkin: http://geoinformatics.uz/dsingis/ , http://www.dsingis.eu/
Xalqaro hamkorlik bo’limi uslubchisi A.Xamraliyev axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov