5 nafar iqtidorli talaba “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining stipendiyasi sertifikatlariga ega bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning 2017 yil 18 maydagi PF-5044-sonli “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-2972-sonli qarorida gidroenergetika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, respublikamiz energetika tizimida gidroenergetikaning ulushini ko‘paytirish, shuningdek, jamiyat tizimi uchun oliy malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan.

“O‘zbekgidroenergo” AJ va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) o‘rtasida 2018 yil 28 avgustda ikki tomonlama imzolangan shartnoma hamda Aksiyadorlik Jamiyati Boshqaruvi raisining 2019 yil 10 oktyabrdagi 109-sonli buyrug‘iga asosan: “Gidrotexnika quriltishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 4-kurs talabalari A.R.To‘lqinovga va M.F.Haqberdievaga O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning bazaviy miqdori (MHTBM)ning 5 baravari, “Irrigatsiya tizimlarida suv energiyasidan foydalanish” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 3-kurs talabasi A.S.Kurseitovga MHTBM ning 4 baravari, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabalari M.A.Otabekovga va A.A.Akbaralievga MHTBM ning 4 baravari miqdoridagi nomli stipendiyani 2019 yil oktyabrdan 2020 yil avgust oyigacha to‘lash belgilandi.

“O‘zbekgidroenergo”AJ stipendiyasi uchun o‘tkazilgan tanlovda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 5 nafar iqtidorli talabalarga nomli stipendiya sertifikatlari 2019 yil 29 noyabr kuni “O‘zbekgidroenergo”AJ Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Inoyat Sohibovich Sunnatov tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda, “Gidrotexnika qurilishi” va “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakultetlarining professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari ishtirok etishdi. G‘oliblarni professorlar B.B.Hasanov va A.J.Isakov tabriklashdi. O‘z navbatida nomli stipendiyaga sazovor bo‘lgan iqtidorli talabalar “O‘zbekgidroenergo”AJ va TIQXMMI rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildirishdi.

“GTQ” fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari A.I.Azimov axboroti

Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov