“Uy ” haqida o‘y
Odamzot olam haqida, o‘zi yashayotgan zamin haqida chuqurroq o‘ylab mushohada qilsa, u haqda kengroq ma’lumotga ega bo‘lsa, hayotning mohiyatini teran idrok etadi. Xuddi shu ma’noda institutimizda yangidan ta’mirlangan muhtasham madaniyat saroyida professor o‘qituvchilar ishtirokida rektorimiz Umurzakov O‘ktam Pardaevichning tashabbuslari bilan fransuz kino ijodkorlari tomonidan yaratilgan “Home” (Uy) deb nomlangan film namoyish etildi. Sal kam ikki soat davom etgan ushbu film professor o‘qituvchilarni mushohadaga chorlagani aniq. Filmning Dron-havo video kamerasi bilan olingani ham bejiz emas. Hayotga voqelikka tor doirada emas, balki kishida kengroq qarash tuyg‘usini uyg‘otadi. Odamzot odatda ikir-chikirlarga o‘ralashib, mayda masalalar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Film muayyan hudud bilan emas, balki, insoniyat taqdiriga ona sayyoramiz tarixiga kengroq nazar tashlashga chorlaydi.
To'rt milliard yillik ona yer deb atalmish sayyoramizda ikki yuz ming yillik tarixga ega bo‘lgan bashariyatning bugungi kungacha bo‘lgan hayot tarzi, ona tabiatga bo‘lgan munosabati ta’sirchan lavhalar orqali ifoda etilgan. Tabiat va jamiyatning bir butunligi odamzotning, yer sayyorasining qismatiga bog‘liqligi ayon. Yer bashariyatga suv, havo, tuproq, kislorod, yer osti va usti boyliklarini bergan. Undan unumli va oqilona foydalanish odamzotning aql-idrok bilan ish tutishiga bog‘liqligi filmda uqtirilgan. Uy bu tor ma’nodagi xonadon emas, balki odamzot yashab nafas olayotgan yer vav uning qadr-qiymatidir. Kishilik jamiyatining bardavomligi, ellarning barhayotligiga mezon ham ana shu ulug‘ haqiqatga sodiq qolishdir. Shundagina shoir iborasi bilan aytganda, “sobitu sayyora sodiq o‘zing, inson o‘zing” deyishga haqli bo‘lamiz. Ushbu film institutimizning pedagoglar jamoasida katta taassurot uyg‘otibgina qolmasdan, balki tabiat ne’matlariga, ya’ni suv, havo va atrof muhitga oqilona hamda odilona munosabat bilan yondashish zaruriyatini ham anglatganini inkor qilish qiyin.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov