AQSh universitetlari bilan hamkorlik doirasi kengaymoqda

"Traktorlar va avtomobillar" kafedrasida bajarilayotgan «Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish» mavzusidagi grant loyiha bo‘yicha AQShni Oklaxoma va Missisipi shtatlari universitetlari, Devis shahridagi Kaliforniya universiteti bilan hamkorlik qilinmoqda. Bugungi kunda ushbu universitetlar o‘quv rejalari tahlil qilinib Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish yo‘nalishida “Traktorlar va qishloq xo‘jaligi mashinalaridan suyuqlik energiyasidan foydalanish va gidravlik tizimlar”, “Traktorlar va qishloq xo‘jaligi mashinalarida foydalanilgan elektron tizimlar va jihozlar” fanlari, Qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalarni qo‘llash yo‘nalishida “Aniq koordinatali qishloq xo‘jaligi asoslari va vositalari”, “Aniq koordinatali qishloq xo‘jaligida ma’lumotlarni tahlil qilish” fanlarini o‘quv rejalariga yangi fanlar sifatida kiritish rejalashtirildi.

O‘tgan yili loyiha doirasida amalga oshirilgan xizmat safari davomida Missisipi shtati universiteti bilan Aniq koordinatali qishloq xo‘jaligi (Precision Agriculture) va Qishloq xo‘jaligida biznes (Agricultural Business) qo‘shma magistratura dasturlari ustida ishlashga Oklaxoma shtati universiteti bilan talabalar yozgi amaliyotlarini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olingandi. Hozirda bu tashabbuslar AQSh davlat departamenti tomonidan qo‘llab quvvatlanib, bu ishlarni amalga oshirish uchun UniCEN dasturi tomonidan kichik grantlar ajratildi (https://unicen.americancouncils.org/unicen-selection-results/ saytiga qarang).Ushbu grantlar doirasida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilish uchun Missisipi shtati universiteti bilan 7 yanvar kuni, Oklaxoma shtati universiteti bilan 1 fevral kunlari internet orqali onlayn uchrashuvlar tashkil qilindi.

10-11 fevral kunlari Missisipi shtati universiteti xalqaro loyihalar bo‘limi boshlig‘i Brayn Farrel institutimizga tashrif buyurib institut va QXM fakulteti bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida qo‘shma magistratura dasturlari bo‘yicha bajariladigan ishlar muhokama qilindi, professor-o‘qituvchilar va magistrantlar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi, shuningdek Brayn Farrel Missisipi shtati universitetidagi shart-sharoitlar va hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha taqdimot qildi. Taqdimotdan so‘ng professor-o‘qituvchilar va magistrantlarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javoblar berildi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati