«Scopus Award – 2019» g‘oliblari respublika olimlarining sharafi

Ilm va olim qadrlangan jamiyatda rivojlanish, har tomonlama taraqqiyot bo‘lishi muqarrar. Buning ro‘yobini ta’minlovchi hamkor tashkilotlarning hissasi va roli katta bo‘lishiga shubha yo‘q. “Elsevier” kompaniyasi, Scopus” va “Science Direct” xalqaro ma'lumotlar bazasi tizimiga maqolalarni joylashtirish kabi xayrli, ma’rifiy harakatlar taraqqiyot omilidir. Kuni kecha “Zarafshon” konsert zalida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Elsevier (Niderlandiya) kompaniyasi tomonidan yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik yetakchi olimlarni taqdirlash «Scopus Award–2019» marosimi bo‘ldi. Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, QS, Times Higher Education kabi dunyoning yetakchi reyting agentliklari vakillari, Elsevier kompaniyasi mutaxassislari, xorijlik ekspertlar hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlari va doktorantlar ishtirok etdi.

«Scopus Award–2019» taqdirlash marosimida 28 ta nominatsiya bo‘yicha 37 nafar olim va tadqiqotchi, 6 ta oliy ta’lim muassasasi va 1 ta ilmiy jurnal taqdirlangan bo‘lsa, ularning ichida eng ko‘p rag‘batga ega bo‘lgan institutimiz va unda faoliyat yurituvchi olim va pedagoglar ekani hammamizni benihoya g‘ururlantirmasdan qolmaydi. Ushbu ma’rifiy maqsad Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Elsevier kompaniyasi o‘rtasida 2018 yil 23 mart kuni imzolangan respublika OTMlarini dunyoning yetakchi universitetlari reytingiga kiritish bo‘yicha «Ilm-fan – 2020» milliy rivojlanish dasturi doirasida tashkil etilgani e’tiborlidir.

Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining saytida keltirilgan xabarlarga tayangan holda, institutimizga bevosita daxldor “Scopus Award – 2019” g‘oliblari borasida ma’lumotlarni keltirish o‘rinlidir. “Scopus Award – 2019” g‘oliblari sirasida eng ko‘p nashr qilgan universitet - “Science Direct Top Published University” nominatsiyasi bo‘yicha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti ta’lim muassasalari orasida ro‘yxat avvalida turganini va rektorimiz qo‘lida g‘oliblik nishonini ko‘rishimiz butun jamoamizning faxridir. Ayni paytda rektorimiz ustozlari, O‘zFA akademigi Oqil Umurzoqovich SALIMOVning «Ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi uchun», professor Olim PO‘LATOVning “Science Direct Top Published Researcher” Soyib Tursunov va Baxtiyor Olimjonovlarning "Best Scopus Journey" nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lganliklaridan faxrlanmasdan bo‘ladimi. Demak, ilm yo‘lidagi harakat chinakam ma’naviy jasoratdir. Bu esa istiqbolimizning porloqligidan dalolatdir. Ta’limiy, tarbiyaviy va o‘quv-ilmiy jarayon to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim muassasasi hamisha muvaffaqiyatlarni qarshilayverishi tabiiy holdir. Bu esa jamoamizni yanada ulkan yutuqlar sari ilhomlantiradi va ruhlantiradi.