AKADEMIK M.MIRSAIDOV QASHQADARYO VILOYATI YAKKABOG‘ TUMANIDAGI №75 O‘RTA MAKTABNING IQTIDORLI O‘QUVCHILARI VA FAOL YOSH O‘QITUVCHILAR BILAN UCHRASHUVI
Ushbu uchrashuv Qashkadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi № 75 o‘rta maktabda 2018 yil 28 aprelda bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvda Yakkabog‘ tuman xalq ta’limi mudirining o‘rinbosari S.Suyunov, maktab direktori F.T.Sattorova, maktabning yosh o‘qituvchilari va 110 nafar iqtidorli o‘quvchilar qatnashishdi. Bu uchrashuvda shu maktabning sobiq o‘quvchisi hozirgi kunda TIQXMMI dotsenti A.Ishmatov ham qatnashdi.
Uchrashuvni maktab direktori F.T.Sattorova kirish so‘zi bilan ochib, so‘zni M. Mirsaidovga berdi.
M.Mirsaidov o‘z so‘zida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati haqida va Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan e’tibori, ularga yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida gapirdi. Ularni kelajakda ilm-fanning yuqori cho‘qqilarini egallab, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga chaqirdi. O‘quvchilarga kelajakda davlatimiz ravnaqi uchun faol xizmat qiladigan, yetuk mutaxasisslar bo‘lib yetishishlari uchun o‘quvchilar o‘qitilayotgan fanlarni chuqur o‘zlashtirishi, tinimsiz mehnat qilishi va har doim oldinga intilishi kerakligi haqida gapirildi.
Buni amalga oshirish uchun yoshlarimiz tinmasdan mehnat qilib, yaxshi o‘qishlari va har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun esa chet tillarini yaxshi bilishi va ko‘p kitoblarni o‘qishga harakat qilishlari kerak deb ta’kidladi.
Bu maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari oldingi uchrashgan maktab o‘quvchilariga qaraganda o‘zlarini ancha erkin tutishib, anchagina faollik ko‘rsatishdi. Ular tomonidan bir qancha savollar berildi. Bu berilgan savollardan ularning ko‘p kitob o‘qiganliklari va o‘z yoshlariga qaraganda ancha yuqori bilimga ega ekanliklari ko‘rinib turar edi.
O‘quvchilar va o‘qituvchilar tomonidan berilgan barcha savollarga M.Mirsaidov to‘la javob berishga harakat qilib, qatnashuvchilarning kayfiyatini ko‘tarishga erishdi.
Maktabda qo‘shimcha darslar tashkil qilish bo‘yicha, ya’ni hozirgi kunda o‘qitilayotgan chet tillaridan tashqari koreys va nemis tillarini o‘rganish, hamda darslardan keyin matematika va fizika fanlaridan qo‘shimcha darslar o‘tkazishr to‘g‘risida berilgan savollarga tuman xalq ta’limi mudiri o‘rinbosari S.Suyunov javob berdi.
Uchrashuv qiziqarli tarzda, yuqori saviyada o‘tdi, bo‘lgan uchrashuvni o‘quvchilar ko‘tarinki ruh va katta ishonch bilan qabul qilishdi. Uchrashuv qatnashchilari Prezidentimizga yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. Bu yoshlar kelajakda Prezidentimizga munosib o‘g‘il va qizlar bo‘lib yetishishga va’da berishdi.
Bu maktabda kelajakka intilgan juda ko‘p faol o‘quvchilarning borligi bizni juda hursand qildi. Shu maktabning o‘quvchilari har xil darajadagi fan olimpiadalarining g‘oliblari bo‘lgan, ya’ni: Z.Muxtorova - fizika fanidan, E.Toshpo‘latova-biologiya fanidan, M. Xasanova- chizmachilik fanidan, Z.Xakimova-ona tilidan, A.Eshpo‘latov - geografiya fanidan, B.Xurramova -rus tilidan va boshqa bir qancha o‘quvchilar shunday yuqori darajadagi bilimga egaligini ko‘rsatganligi bizni quvontirdi.
Esdalik uchun uchrashuvda qatnashgan maktabning barcha iqtidorli o‘quvchilari va fidoyi o‘qituvchilari bilan rasmga tushildi.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi № 75 maktabdan juda xursand bo‘lib, yuqori kayfiyat bilan qaytdik. Chunki bu maktabning barcha o‘qituvchilari va maktab direktori Feruza To‘raevna o‘quvchilarga fidoyilik bilan bilim berayotganini ko‘rib, ko‘nglimiz ko‘tarilib, ularning barchasiga raxmatlar aytib qaytdik.