Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga tashrif

Institutimiz rektori tashabbusi bilan professor o‘qituvchilar va bir guruh talabalar 8 - yanvar kuni Abdulla Qodiriy nomi bilan bog‘langan ijod maktabi va muzeyga sayohat uyushtirildi. Ma’lumki, O‘zbek romanchiligining asoschisi, vatanparvar adib Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini ulug‘lash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i oldida ijod maktabi va muzey barpo etilgandi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi farmoyishi bilan tashkil etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan. Joriy o‘quv yilida maktabning 5, 6, 7 va 8-sinflariga ijodiy imtihonlar va test sinovlari asosida 121 nafar o‘quvchi saralab olindi.

Abdulla Qodiriy ijod maktabida o‘qiyotgan bu bolalar yangi O‘zbekistonning kelajagi bunyodkorlaridir. Barcha umumta’lim maktablari ushbu o‘quv dargohidan ma’naviyatni, ma’rifatni o‘rganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat ma’naviyatli, balki o‘z vatanini yurakdan sevuvchi iste’dod egalari. Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz, – degandi o‘z tashriflari paytida Prezidentimiz.

Ijod maktabida “Qodiriy izdoshlari”, “Yosh qalamkashlar”, “Yosh jurnalistlar” kabi to‘garaklar, “Ifodali o‘qish”, “Notiqlik san’ati” bo‘yicha qo‘shimcha darslar tashkil etilgan. Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlarning tez-tez o‘tkazib turilishi ko‘zda tutilgan. Bu maktabda millatparvar, o‘zligini anglagan avlod kamol topishiga ishonaman, – degan davlatimiz rahbarining ishonchini oqlash zarur.

Muzeyga kiraverishda Abdulla Qodiriyning hikmatli so‘zlari bitilgan. Chap tomonda adibning hayot va ijod yillari xronologiyasi, qatag‘on yillari eksponatlari hamda mustaqillik yillarida yozuvchiga ko‘rsatilgan ehtirom aks etgan ekspozitsiyalar joylashgan. Tomoshabinlar zaldagi ulkan monitorda adib asarlari asosida suratga olingan “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” filmlarini, boshqa kartinalarni ko‘rishi mumkin.

Institutimiz jamoasi deyarlik barcha xonalarga kirib u yerda tahsil olayotgan jajji o‘quvchilarning har bir fanga ixtisoslashgan kabinetlardagi chiqishlarini, o‘zbek, rus va ingliz tillarida byron-biyron gapirishlaridan zavqlandi. Rektorat a’zolari partalarda o‘tirib o‘quvchilik paytlarini xayolidan kechirishdi. Tadbir nihoyasida institutimizning yosh ijodkor talabalari bilan ijod maktabining o‘quvchilari o‘rtasida bahri bayt aytish musobaqasi boshlanib ketdi. Har ikkala tomon ham bo‘sh kelmadi, axiyri o‘quvchilarning qo‘li baland keldi. Tadbir yakunida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, iste’dodli shoir Botirjon Ergashev o‘z tabriklarini izhor qilib, "O‘shal mendurman" she’rini o‘qib berdi.

Rektorimiz ijod maktabi direktori Nilufar Yo‘ldoshevaga samimiy istaklarini bildira turib, institutning ramziy nishonlari aks etgan esdalik sovg‘alari va 21 ta yosh ijodkor talabalarimizning nasriy va nazmiy durdonalaridan tuzilgan "Ilhom buloqlari" nomli majmuani taqdim etdilar. Tashrifimiz katta taassurotlarga bois bo‘lgani rost.

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov