O'zbekistonda Yevropa universitetlari bilan hamkorlikda fan doktorlari tayyorlanadi
Ta`lim bosqichlarining turli pog'onalari bilim egallash va uni amaliyotga qo'llash darajalari bilan bog'liq. Doktorantura ta`limi ilmiy ma`lumot, nazariy qonuniyat va amaliy faoliyatining yuqori darajasi sifatida ahamiyatga molikdir. Yevropa Ittifoqi ko'magida moliyalashtirilayotgan “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi doirasida ochilayotgan Geoinformatika ixtisosligi ana shunday mohiyatga ega. Loyihaning asosiy maqsadi – geoaxborot tizim va texnologiyalari orqali O'zbekistonning barqaror rivojlanishiga ko'maklashishdan iboratdir. Bugungi kunda geoaxborot tizimi ko'plab sohalarda qo'llanilib, barqaror rivojlanishga erishishda tezkor qaror qabul qilish imkoniyatini yaratadi.
Mazkur loyiha doirasida 2017-2020 yillarda O'zbekistondan jami 15 nafar falsafa fan doktorlari (PhD) tayyorlanadi va 20 nafar ilmiy rahbar hamda ilmiy maslahatchilar ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash bo'yicha loyihaning Yevropadagi hamkor OTMlari – Obuda universiteti (Vengriya), Zaltsburgdagi Parij Lodron universiteti (Avstriya), Qirollik texnologiya instituti (Shvetsiya), Qishloq xo'jaligini rivojlantirish Leybnits instituti (Germaniya)da malaka oshirishga yuborilishi bilan bir qatorda geoaxborot tizim va texnologiyalari (GIS) yo'nalishi bo'yicha 18 ta ilmiy ommabop adabiyotlar hammualliflikda yaratiladi va loyiha hisobidan chop etiladi.
Mazkur loyiha doirasida joriy yilning 21-27 may kunlari loyihaning koordinatori hisoblangan Vengriyaning Obuda universitetida hamkor OTMlar koordinatorlari va boshqaruv xodimlari uchun seminar-trening bo'lib o'tdi. Unda loyihaning O'zbekistondagi yetakchisi hisoblangan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) boshchiligida Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston milliy universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti hamda Toshkent arxitektura va qurilish institutidan jami 17 nafar xodim, shuningdek, loyihaning Yevropa Ittifoqidagi hamkor OTMlari vakillari ishtirok etishdi.
Shuni ta`kidlab o'tish kerakki, mazkur loyihaning asosiy vazifalaridan biri – Geoinformatika bo'yicha yangi doktorantura (PhD) ixtisosligini ochish bo'lib, mazkur vazifaning dastlabki bosqichi amalga oshirildi, ya`ni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2018 yil 26 yanvardagi 249/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro'yxatiga yangi 11.00.07 – “Geoinformatika” ixtisosligi kiritildi.
Obuda universitetida o'tkazilgan seminar-trening O'zbekistondagi geofazoviy fanlar bo'yicha barqaror doktorlik dasturini boshqarish uchun yordam beradi. Unda loyihaning dastlabki yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi davrda qilinadigan ishlar bo'yicha manzilli rejalar yaratildi, ta`lim sifati masalalari (ta`lim sifatini tekshirish, baholash va ta`minlash) hamda ta`lim tizimini xalqarolashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida 2018 yil 26 may kuni Budapesht shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti rektori, professor O'ktam Umurzakov va Vengriyaning Obuda universiteti rektori, professor Mixay Regerlar o'rtasida o'zaro xalqaro ilmiy akademik anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Vengriya Qishloq xo'jaligi vazirligida uchrashuv tashkil qilinib, unda vazirlik, qishloq va suv xo'jaligi hamda muhandislik sohasidagi bir qator Vengriya OTMlari hamda Vengriyadagi Erasmus+ ofisi vakillari tomonidan taqdimotlar qilinib, qatnashchilar o'zaro hamkorlik masalalari bo'yicha fikr va tajriba almashishdi.
Ushbu seminar to'g'risida Vengriya mahalliy ommaviy axborot vositalarida maqolalar chop etilib, “Fexervar” telekanalida ko'rsatuv namoyish etildi.
Seminar-trening so'ngida qatnashchilar tomonidan loyiha va yangi doktorantura dasturini amalga oshirishda boshqaruvni yaxshilash bo'yicha qator tavsiyalar berildi.
https://kun.uz/uz/news/2018/05/31/uzbekistondagi-institutlardan-biri-evropa-universitetlari-bilan-amkorlikda-fan-doktorlarini-tajerlasni-julga-kujdi