IQ - intellektual koeffitsient demakdir

Har qanday ilm amalning ro‘yobiga xizmat qilmas ekan, u mohiyatsizdir.

Amaliyotga bo‘ysunmagan nazariy ma’lumot puch yong‘oq kabidir. Shuning uchun ham amaliy mashg‘ulotning nazariy ma’lumot bilan uyg‘unligigina taraqqiyotga mezon bo‘la oladi.

Bilim ilmning ibtidosi bo‘lsa, amal uning natijasi, samarasidir. Shunday ekan, kengqamrovli bilimga ega bo‘lish uchun turli soha va mavzularga oid kitoblarni mutolaa etish insonning bilim darajasini oshirib saviyasini yuksaltiradi.

Intellektual qobiliyatni, salohiyatni sinashga qaratilgan musobaqaviy dasturlar, yangi g‘oya va texnologiyalarning amaldagi ko‘rinishi bo‘ladi desak, mubolag‘a emas.

Ana shu xayrli tashabbus va ma’rifiy maqsadni nazarda tutgan holda, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti jamoasi muhim bir tashabbus bilan chiqqani ibratlidir.

Ushbu sa’yi harakat yoshlarning ongu shuuri va maqsad intilishlariga xizmat qilibgina qolmay, balki, chin ma’noda, xalqimizning farovonligi va vatanimiz taraqqiyotiga fidoyi, intellektual avlodni tarbiyalashga mezon bo‘lishi aniq.

Dastavval, institutimiz fakultetlari orasida, keyinchalik esa, Respublikamizdagi barcha oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “IQ – show” nomli intellektual musobaqa ana shu olijanob maqsadga xizmat qiladi.

Yuksak bilimli intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti ekan, demak yoshlarning keng qamrovli bilimga ega bo‘lishi, zamon bilan hamnafas va hamqadam bo‘lishlarini ta’minlash muhim.

Ertangi kunning hal qiluvchi kuchi, kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarga e’tibor va ularning dunyo miqyosidagi zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar ruhida tarbiyalash vazifasi dolzarbligicha qoladi.

Ana shu talabdan kelib chiqqan holda, talaba – yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ushbu musobaqaviy dastur dunyo mamlakatlari xalqlarining va O‘zbekistonimizning tarixi, geografiyasi, suv va yer resursi, tabiati, urf-odatlariga doir ma’lumotlar berish ayni paytda ishtirokchilarning dunyoqarashini yanada kengaytirishni maqsad qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi, taraqqiyot strategiyasi  va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar olib borayotgan dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlariga doir savol-javoblar musobaqaviy dasturning tarkibiy qismini tashkil etadi.

  1. Intellektual musobaqaning o‘tkazilish tartibi:

Unda asosan, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning saralash bosqichlaridan o‘tgan jamoalari ishtirok etishadi. Har gal beshta jamoa a’zosidan iborat bo‘lgan to‘rtta guruh o‘zaro sinashadi.

Har bitta savolning javobini hal etish harakati ana shu tarzda davom etaveradi. To‘rtta savoldan keyin navbatdagi ikkita jamoa o‘yinga tushadi. Savolga javob muddati – 1 daqiqa.

To‘rtta savolning natijasiga qarab, guruhlardan biri teleo‘yinning final bosqichiga o‘tadi. Navbatdagi ikkita jamoa o‘rtasidagi  o‘zaro musobaqa ham ana shu taxlitda hal etiladi. Ulardan biri final bosqichiga o‘tadi. So‘nggi bosqich, ya’ni finalga yetib kelgan ikkita jamoa o‘rtasidagi savol-javoblar bilan nihoyalanadi. Musobaqa sharti bo‘yicha bir jamoa bu o‘yinning mutloq g‘olibi bo‘lib, yil oxirida bo‘lib o‘tadigan eng yuqori ball to‘plagan jamoalar orasida o‘tkaziladigan “Yil g‘olibi” yakuniy bosqichida o‘z bilimlarini sinashga musharraf bo‘lishadi.

  1. Intellektual musobaqa jamoalarga qo‘yiladigan talablar:
  1. Har bir ishtirokchi jamoa o‘zining sardori va 4 nafar a’zosidan iborat bo‘lisht shart. Ularning ismi shariflari va jamoaning nomi, qaysi o‘quv yurtida tahsil olayotgani haqidagi ma’lumotnoma o‘yin boshlanguniga qadar ikki nusxada boshlovchi hamda hakamlar hay’atiga taqdim etilishi shart.
  2. O‘yin paytida jamoalar tartib intizomga rioya etishlari kerak.
  3. Har bir jamoaning o‘zlari tomonidan tayyorlangan liboslari bir xillikda bo‘lishi talab etiladi.
  1. Hakamlar hay’atiga qo‘yiladigan talablar:
  1. Hakamlar hay’atining raisi va 4 nafar a’zosi bo‘lishi kerak.
  2. O‘yinning borishini nazorat etadi va to‘plangan ballarni hisoblab boradi. Bahstalab savol va javoblarga oydinlik kiritadi.
  3.  Ularning ismi shariflari, lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni haqidagi ma’lumotnoma boshlovchiga taqdim etiladi.
  4. Ishtirokchi 4 jamoaning birinchi va ikkinchi bosqichdagi ishtiroki qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.

Izoh: “IQ” – (intelligence quotient, «ay kyu») intellektual koeffitsient, ya’ni insonning intellektual koeffitsient darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlar majmui. Ishtirokchilarning intellektual  qobiliyatini sinovdan o‘tkazish ushbu teleo‘yinning mohiyatini tashkil etadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi oliy o‘quv yurtlarining talabalari, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi tizimidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarning o‘quvchilari qatnashishadi.

Intellektual musobaqaning markaziy qarorgohi TIQXMMIdagi madaniyat saroyida bo‘lib, barcha musobaqaviy tadbirlar xuddi o‘sha manzilda tashkil etiladi.

Ana shu musobaqaning talabalarning intellektual qobiliyati va innovatsion salohiyatlarini sinashga qaratilgan musobaqaviy dasturning muntazam ravishda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkaziladigan ushbu o‘yin talaba-yoshlarning kreativ qobiliyatlarini ommalashtirish va moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan.

Ushbu intellektual-musobaqaviy dasturning ilk, Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan nishona soni 14 mart kuni institutimizning Axborot resurs markazida soat 15.00.da bo‘lib o‘tdi.

Unda “Qishloq va suv xo‘jaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish” fakulteti nomidan Mirakromzoda Mirkomil Husan o‘g‘li (guruh sardori), Turajanov Ziyodjon Dilmurod o‘g‘li, Ziyaev Nodir Sobirjon o‘g‘li, Egamberdiev Abdurasul Shuhrat o‘g‘li, Baybekov Adhamjon Alisher o‘g‘li kabi iqtidorli talabalardan tarkib topgan “SMART” jamoasi hamda  “Gidromelioratsiya” fakultetining “Aristokrat” jamoasi o‘zaro musobaqalashdilar. Ushbu jamoaning tarkibi – Abdukarimov Abror Bahodir o‘g‘li (guruh sardori), Imomalieva Sohiba Olimjonovna, Kenjaev Doniyor Shavkat o‘g‘li, G‘ulomova Mahliyo Dilmurod qizi Ubaydullaeva, Dilshoda Arslonbek qizidan iborat.

Intellektual dasturimizning kuzatuvchisi sifatida akademik Salimov Oqil Umurzakovich va institutimiz rektori O‘ktam Pardaevich Umurzakovlarning ishtirok etishlari biz uchun sharaf bo‘lgani aniq.

Musobaqaviy o‘yinda har ikkala jamoa a’zolari o‘zlarining bilim va qobiliyatlarini namoyish etishda bir–biridan qolishmadi, hisobi. 40 ga 40 hisobi bo‘lgach, qo‘shimcha ikkita savol natijasiga muvofiq “Aristokrat” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Har ikkala jamoaga tegishli tuhfalar topshirildi.

Bundan keyin har oyda ikki marotaba o‘tkaziladigan ushbu o‘yin haftaning chorshanba kunlari soat 15.00.dan 16.30.gacha davom etadigan bo‘ldi.

 

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov va YoIning TIQXMMI boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Akmaljon Berdimurodov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov