Korrupsiya – taraqqiyotga tahdid
Har bir oila va jamiyatning o‘z tartib-tizginlari bo‘ladi. Uni bilmaslik va unga rioya qilmaslik insonni mudhish illat va kulfatlarga sabab qilishi tayin. Taraqqiyotga to‘siq, sohalar rivojiga g‘ov bo‘ladigan illatlardan biri korrupsiyadir. Uning zararli oqibatlarini tushuntirish va unga nisbatan barchada keskin kurashish tuyg‘usini uyg‘otish muhim masaladir. Xuddi shu maqsadda, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida “Korrupsiya - milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusida o‘tkazilgan ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirni Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Q.Shavazov kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarni taklif etilgan mutaxassislar bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng talaba-yoshlar e’tiboriga “O‘zi nima gap?” nomli videolavha namoyish etildi.
Filmdan so‘ng Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Q.Shavazov bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan huquqiy-demokratik mamlakat va kuchli fuqarolik jamiyat qurishning strategiyasini amalga oshirish ko‘lamida qonun ustunligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish borasida alohida to‘xtalib o‘tdi. Davlat va jamiyat turmushining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish, halqning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish orqali jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishni shakllantirishga mamlakatimiz rahbari qanchalik e’tibor qaratib kelayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Shu maqsadda mamlakatimizda chet el tajribasini hisobga olgan holda qorrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2017 yilning 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinganligini aytdi. Mirzo Ulug‘bek tumani 2-sonli Ichki ishlar tergov bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Suvankulov Mehmonali Ismailovich o‘z so‘zida, ushbu qonun ijrosi yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika jamoalar aro komissiyalar tuzilganligini ta’kidlab o‘tdi.
Bugungi kunda Respublika komissiyasiga Bosh prokuror, mahallalararo komissiyalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar prokurorlari rahbarlik qilib kelmoqda. Shuning bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi 2752-sonli Qarori bilan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturiga amalga oshirish bo‘yicha
4 bo‘lim 30 banddan iborat ish - rejasi qabul qilinib, hozirgi kunda ish reja asosida bir qancha ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik profilaktika katta inspektori, katta leytenant Inakov Davron Raximjanovich o‘z so‘zida talabalarni korrupsiyaning oldini olish maqsadida ogohlikka chaqirib o‘tdi. «Korrupsiya» so‘zi lotincha «corruptio» so‘zidan olingan bo‘lib, ma’nosi «buzish, sotib olish» degan ma’noni bildiradi.
Yuridik ensiklopediyada «Korrupsiya» so‘zi amaldor shaxslar o‘zlariga berilgan lavozimlardan foydalanib, o‘zining shaxsiy manfaatini o‘ylab boylik orttirish maqsadida mamlakat qonunlariga qarshi keladigan har xil pora olish, pora berish jinoyatlari bilan shug‘ullanish deb ta’riflangan. Shunday jinoyat bilan shug‘ullanganlar to‘g‘risida aniq dalillarga to‘xtalib o‘tdi. 2014 yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bir qator o‘zgarishlar kirgizildi. Shunga ko‘ra «Jamiyat nazorati» instituti tashkillashtirildi. Mazkur institutning maqsadi fuqaro bilan lavozimli shaxslarning o‘rtasidagi munosabatlarga baho berib boradi. Shu asosda ko‘pchilik o‘rinlarda ishonch telefonlari ishlab turganligini aytib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, mutaxassislar tomonidan javoblar oldilar. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Q. Shavazov tadbirni yakunlar ekan, talaba-yoshlar o‘rtasida mana shunday tadbirlar va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish turli jinoyatchilikning oldini olishga katta yordam berishi shubhasiz ekanligi haqida gapirib mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratildi.
“Gidromelioratsiya” fakulteti dekan o‘rinbosari Xayrulla To‘ychiev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov