Ustozlarga ehtirom
Muallim bo'lmasa olamda agar,
Go'zal ham bo'lmasdi hayot bu qadar.
Xuddi shu nisbatga mos va xos bo'lgan ustozlarni bayramlari bilan qutlash kishiga ayricha huzur baxsh etadi. Ustoz va shogirdlik bu taraqqiyotning mezoni, uzilmas va buzilmas oltin zanjiridir. Farzand necha yoshga kirsa ham ota-ona uchun baribir farzand bo'lib qolganidek, shogird qanday martabada faoliyat yuritmasin, ustoz uchun baribir shogirddir.
Shoirdan so'rashdi: siz baxtli inson,
Elingiz ardoqlar, hamma taniydi.
Shoir javob berdi: menda bir armon -
Muallim deyishsa meni qaniydi.
Darhaqiqat, shoir e'tirof etganidek, muallimlik sharafli kasb. Respublikamizning barcha ta'lim muassasalari, idora va tashkilotlarida "O'qituvchi va murabbiylar kuni"ga bag'ishlangan tadbirlar o'tkazilayotgani quvonarlidir.
Institutimizda ham ana shu qutlug' sanaga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi. Tadbirda tabarruk, ulug' ustozlarning ishtiroki institutimizning madaniyat saroyiga jam bo'lgan barcha professor o'qituvchilar va talabalarni ruhlantirib yubordi. Faxriy ustozlarimiz akademiklar Salimov Oqil Umurzakovich, Iskandarov Sa'dulla Iskandarovich, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi va yirik madaniyat xodimi To'rayev Aziz O"poqovichlarning har yili bayram arafasidagi tashriflari hamisha jamoatchiligimizni xushnud etadi.
Bu galgi tadbirda bir nechta oliy o'quv yurtlarining rektorlari ishtirok etishdi. Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat Texnika universiteti rektori texnika fanlari doktori, ‘rofessor Sadriddin Turabdjonov Sadritdin Maxamatdinovich, Toshkent kimyo texnologiya institutining rektori kimyo fanlari doktori Mutalov Shuhrat Axmadjonovich hamda Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti rektori qatnashdilar.
Tadbirni institut rektori Umurzakov O'ktam Pardayevich tabrik nutqlari bilan ochib berdilar. So'ngra tabrik uchun so'zga O'zbekiston Suv xo'jaligi vazirining birinchi orinbosari Bahodir Qo'chqorov, O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari, iste'dodli shoir Nodir Jonuzoq, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markaz rahbari Jusubbek Kazbekovlar chiqishib samimiy tilaklarini izhor qildilar.
Institutimiz rektori o’zlarining tabrik nutqlarida ushbu mulohazalarni qayd etib o’tdilar. Dunyoning tayanchi, jamiyatning ustuni ta’lim va tarbiya bilan bog’liq ekani hammamizga ayon.
Ta’lim - tarbiya odamzot kamoloti va jamiyatning taraqqiyotiga daxldor masaladir. Shuning uchun ham ta’lim-tarbiyani o’zlarining umr mazmuniga aylantirgan o’qituvchi va murabbiylarga davlatimiz va hukumatimizning e’tibori yuksak darajada.
Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko’p jihatdan o’qituvchi va murabbiylarga bog’liq. Shu sababli mamlakatimizda o’qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g’amxo’rlik ko’rsatib kelinmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ta’lim tizimini jahon andozalari asosida isloh qilinishi, yangi ilm maskanlari barpo etilishi, ularni zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlash ishlari izchil davom ettirilmokda.
Mamlakatimizda respublika Prezidentining (1996 yil 9 yanvardagi) Farmoni bilan 1 - oktyabr «O’qituvchilar va murabbiylar kuni» deb belgilangan. Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning joriy yilning 14 avgustidagi “Yoshlarni mahnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ - 3907 – sonli qarori ana shu fikrimizga asosdir.
Qarorga muvofiq, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Institutimizda ham ta’lim sifatini oshirishga alohida ehtibor qaratilmoqda. O’quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, jahondagi ilg’or oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama diplom dasturini amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy - pedagogik kadrlarni tayyorlash tizimi izchillik bilan yo’lga qo’yib borilmoqda hamda mazkur innovatsion hamkorliklar o’zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Bunday harakatlarimizning samarasini xorij davlatlarning ilg’or tajribalaridan keng va maqsadli foydalanish, chet el investitsiyalarini kiritish orqali tahminlash mumkinligini hayotning o’zi ko’rsatmoqda va taqozo etmoqda. Shu yilning o’zidayoq, institutimizda Yaponiya, Xitoy, Germaniya, SHvetsiya, Koreya, Rossiya, AQSH, Vengriya, Xorvatiya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarning fan-ta’lim mutaxassislari ishtirokida o’tkazilgan xalqaro konferentsiyalar hamda imzolangan memorandumlar, ilmiy innovatsiyalar “Klaster” markazining ishga tushirilishi shu yo’nalishdagi faoliyatimizning isbotidir.
Qishloq xo’jaligi va irrigatsiya sohasining taraqqiyotini ilm bilan bog’lab o’rgangan izlanuvchan, intellektual salohiyatli talabalar biz uchun umid va ishonch, qutlug’ qadam va yorug’ kelajakdir. “O’qituvchilar va murabbiylar kuni” bilan institutimizda tashkil etilgan tadbir davomida mashhur san’atkorlar va “Mo’jiza” raqs guruhining raqqosalari o’z san’atini namoyish etib davraga fayz kiritishdi. Ma’rifat yog’dusi, istiqbolning mezoni bo’lgan ustoz va murabbiylarga hamisha sog’lik-salomatlik tilaymiz.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov