Adashganlar kimlar?!
Bola tarbiyasiga mas’ullik masalasi oilaning, mahallaning, jamiyatning istiqboliga e’tibordir. Har qanday davlatning kelajagi, iqboli, albatta o‘sib kelayotgan avlodning ma’naviy-axloqiy qiyofatiga, ta’lim-tarbiyasiga, intellektual salohiyatiga daxldordir. Shuning uchun ham respublikamizda yoshlarga munosabat mustaqilligimizning ilk yillaridanoq ulkan darajada bo‘lib kelgan.
Shunday ekan, har bir inson qanday kasbda bo‘lmasin, tarbiya masalasiga o‘zining salohiyati va iqtidoridan kelib chiqqan holda bu ishga qo‘l urishi, jamiyatning ana shu og‘riqli nuqtasiga diqqat qilishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi, va Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Iqtidor-ma’rifat” videostudiyasi tomonidan “Adashganlar” nomli hujjatli film “Zangiota tarbiya muassasasi”da suratga olindi. Buning namoyishi va taqdimoti O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining “Press klubi”da tashkil etildi. Institutimizning “Axborot xavfsizligini ta’minlash” bo‘limining boshlig‘i Rahimboy Jumaniyozovning muallif va boshlovchiligida tasvirga tushirilgan ushbu filmda bugungi hayotimizga qutqu soluvchi ayrim yoshlar hayotidagi noxush hodisalar va salbiy illatlarga keskin munosabat bildirilgan. taqdimotda barcha oliy o‘quv yurti talabalari bilan birga institutimizning yetakchi, faol talabalari ham ishtirok etib o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Tadbirda Respublika IIV jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tarbiyaviy-ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi yo‘riqchisi Muniraxon Esonova, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti amaliyotchi psixologi Mastura Valieva, Respublika “Nuroniy”jamg‘armasi mas’ul xodimi mayor Shuhrat Ro‘ziev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Malika Qayumova va Xayrulla akalar qatnashib film tahlili bilan bog‘liq ibratli fikrlarini aytishdi.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, 2016 yil 15 sentyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonunlari kabi bir qator hujjatlar ana shu maqsadga yo‘naltirilgani sir emas.
Mamlakatimizda aholining qariyb 64 foizini yoshlar, ya’ni 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etarkan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 33 ta moddasidan 15 tasi yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangani ham bejiz emas.
Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Haq gap. Oila, mahalla va ta’lim muassasasi uch birligi bola tarbiyasiga birdek mas’ul ekanini bilganimiz holda, ba’zan bu borada oqsayotganimizni ham inkor etib bo‘lmaydi.
Aks holda, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida “2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar o‘rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak”- deb kuyunmagan bo‘lardilar.
Bag‘rikenglik va mehridaryolik hissi qalbida jo‘sh urgan, yoshlarni davlatimiz tayanchi va suyanchi deb bilgan hamda qat’iy ishongan, shu yo‘lda bor imkoniyat va qobiliyatini safarbar etgan Prezidentimiz ishonchini oqlash, ular bilan bir safda bo‘lish, vatan taqdiri yo‘lida kamarbastalik fuqarolik burchimiz, qolaversa yurt qismatiga daxldorlikdir.
Prezident murojaati ertangi kunga ishonch va yangi marralar sari intilayotgan yoshlar faoliyatiga ruh va mazmun baxsh etishi shart.
Davlat va hukumatimiz yoshlarga o‘z iste’dodlarini namoyish etish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib qo‘ygan bir damda ayrim yoshlarning, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, jinoyat yo‘liga kirib ketishi ranjitadi kishini.
Bola tarbiyasida mas’uliyatni oila maktabga, maktab mahallaga, mahalla yana oilaga yuklashi, aniqrog‘i, to‘nkashi bilan hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu yo‘l bilan ularning o‘zlarini oqlashi ham, haqlashi ham nojoiz. Tanqidiy tahlil nuqtai nazaridan mayda yoki kichik jinoyatlarga yo‘l qo‘yib O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBBga qarashli Zangiota tarbiya muassasasida qayta tarbiyalanayotgan bolalarni suhbatini ko‘rib afsus va nadomatlari hammani o‘ylantirgani aniq.
Badiiy adabiyotda obrazning chiqiti bo‘lmaydi deyishadi. Katta-kichik har bir obraz asar g‘oyasini ifodalashga xizmat qiladi. Jamiyatda ham odamning chiqiti bo‘lmaydi. Insoniylik, gumanizm ustun bo‘lgan jamiyatda har bir insonning o‘z imkoniyatlaridan el manfaati yo‘lida foydalantira olishga bog‘liq. Hayotda o‘z yo‘lini topolmagan ayrim bolalar jinoyat yo‘liga kirib ketishadi. Kichik jinoyat katta jinoyat uchun oldin tuynuk, keyin esa eshik bo‘ladi. Kichkina teshik katta kemani cho‘ktirishi mumkinligini aslo, unutmaylik.
O‘g‘irlik sodir etilishi birovning mulkiga egalik qilish maylidan boshlanadi. Tekintomoqlik, tanballik, jonini qiynamasdan katta boylikka ega bo‘lish hirsi, shaytoniy nafs kishini buzg‘unchilikka boshlashi tayin. Tarbiya koloniyasidagi siz tasvirda ko‘rayotgan mana bu aksariyat yoshlar xuddi shu holatga duchor bo‘lganlardan. Ular o‘z ishlarining, qilmish qidirmishlarining oqibati xunuk ekanligini bilishardi, lekin baribir bu ishga qo‘l urdi. Nega? Xo‘sh, irodaning sustligimi? Javob izlashga urinishlar filmda o‘z ifodasini topgan.
Tanbeh berilgan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilgan. Dakki-dashnom ham eshitganlar o‘z vaqtida. Lekin ular bu nasihatlarini quloqlariga ilmagan. Afsus va nadomatlar bo‘lsinkim, ularning aksariyati ota-ona o‘gitidan chetda qolib, ko‘cha ko‘ydagi huquqbuzarlikka moyil tengqurlari bilan qing‘ir ishga - o‘g‘rilik va talon-torojlikka qo‘l urishgan.
Nazoratsiz qoldirish, ularning nima ish bilan mashg‘ulligini tergab turmaslik oqibati xunuk hodisalarga sabab bo‘lishini ko‘raylik.
Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Haq gap. Aks holda, qushning qushligi qaerda qolardi? “Bola o‘qishni o‘rganishdan oldin taqlid qilishni o‘rganadi” degan edi buyuk pedagog Yan Komenskiy. Farzandlariga ibrat bo‘lgan ota-onada mas’uliyat hissi ustun turmas ekan, natija kutilganiday bo‘lmaydi. Afsus bilan aytish kerakki, ayrim ota-onalarning o‘zlari ham ibratga loyiq emas. Shunday ekan, boladan nima kutish mumkin?
Mabodo, qo‘yi qo‘rasiga kirmay yo‘qolib qolsa, axtarib tashvishga tushib qo‘ni-qo‘shnilarni bezovta qilgani yetmaganidek, ichki ishlar bo‘limiga ham murojaat qiladigan, lekin o‘z farzandi tong otgunga qadar qaerda, qaysi xilvatxona yoki internet kafeda nima ish bilan mashg‘ul ekaniga qiziqmaydigan ota-onalar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Pul topish, egningni but qilish, yeyish, ichish va kiyinish lazzatini hayot mohiyati deb bilgan o‘spirin, qanday bo‘lmasin pul topsak bo‘ldi qabilida ish tutadi. Bu esa ma’naviyatning tanazzulga yuz tutishi, insonning axloqan tubanlashuviga bois bo‘lishini unutmaslik lozim.
Taniqli siyosatshunoslardan Benjamin Franklinning ushbu mulohazalariga bir e’tibor beraylik. Siz o‘zimniki deb o‘ylagan bolalar aslida, sizning farzandingiz emas – ular hayotning o‘g‘il-qizlari. Garchi, ular siz orqali dunyoga kelgan bo‘lishsa ham, o‘zlarini umrga tegishli hisoblaydilar. Ular yoningizda ulg‘ayishsa ham, kun kelib olisga ketib qolishlari mumkinligi ayni haqiqat. Siz farzandga o‘z mehr-muhabbatingizni his qilishlariga yordam berishingiz mumkin. Ammo ularni o‘z o‘y-xayollaringiz bilan band qila olmaysiz. Chunki ularning o‘z dunyolari, xayol va rejalari bor. Ularning qad-qomatlari sizning uyingizda bo‘lsa ham, ko‘ngillari hali bu yerda qo‘nim topmagan bo‘ladi. Boisi ularning ko‘ngillari kelajakka mansub. Siz esa o‘zingizni kelajakda xayollaringiz orqali ham tasavvur qila olmaysiz. Boisi siz bugunning odamlarisiz.
Siz farzandingizni tushunish uchun unga o‘xshashingiz mumkin. Ammo ularni tamoman o‘zingizdek bo‘lishga majburlamang. Sababi hayot oldinga yuradi va kechagi qoidalar bugunga munosib kela olmaydi.
Siz misoli farzandingizni oldinga yo‘naltirgan kamonsiz. O‘qning imkon qadar uzoqqa borishi va mo‘ljalga tegishi uchun kamon mustahkam bo‘lishi kerak.
Demak, gap kamonda. Yurtning ertasini, farzandlarining kelajagini, o‘z oilasining obro‘sini, yuzi shuvit, qaddi dol bo‘lmasligini o‘ylagan inson ushbu fikrlarga befarq bo‘lmasligi aniq.
Ma’naviyat va ma’rifatdan yiroq turgan inson tabiatida ezgulik tushunchasi xira tortishi aniq. Ma’naviyatni qudratli va ta’sirchan qurol sifatida e’tirof etgan prezident “ko‘plab bolalarimiz kitobdan uzoqlashib, ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani – bu ham bor gap” - deya ta’kidladilar yoshlar bilan uchrashuvda.
Xalqimizni ommaviy kitobxonlikka chorlash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish istiqbolni ko‘zlab, chuqur o‘ylab qilingan amaliy siyosat ekanligini bugungi kunda his etmoqdamiz. “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror zamirida ham ana shu xayrli, ma’rifiy maqsad yotadi.
Kitob mutolaasiga munosabatni kuchaytirish uchun kutubxonalar faoliyatini jadallashtirish, qaerda bo‘lmasin yoshlarning o‘qib o‘rganishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini inkor etib bo‘lmaydi. Endilikda undan oqilona foydalanishimiz, vatan va xalq manfaati uchun munosib farzand bo‘lishga intilish zarur. “Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q, kitobsiz yuksak ma’naviyatga ham, taraqqiyotga ham erishib bo‘lmaydi” Prezidentimizning haqli e’tirofi bu.
Jabrdiyda onaizorning ko‘zlarini jiqqa yoshga to‘ldirgan farzandni qanday tushunish mumkin. Yemay yedirib, kiymay kiydirib “bolam unib o‘ssin yurt koriga yaraydigan, esli-hushli inson bo‘lib voyaga yetsin degan ota onaning umidlarini chil parchin qilish aqlga sig‘maydigan holatligini eslatmoqchimiz, xolos.
Jinoyatning jinoyat ekanini bila turib yana jinoyatga qo‘l urganning afsus va nadomatini izohlash taajjublir holatdir.
Tarbiya masalasida Mahallaning alohida o‘rni borligini bilamiz. Bir bolaga yetti ota-ona, qo‘shning tinch - sen tinch, o‘z uyingni o‘zing asra, o‘z bolangni o‘zing asra degan chaqiruv va xitoblar mahalla faollariga mas’uliyat va majburiyat yuklashi haq. Mahalla raislari, Diniy ma’rifat va ma’naviy axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar, posbon va kotiblar ham bundan to‘g‘ri xulosa chiqaradi, ko‘rib ko‘rmaslikka, eshitib eshitmaslikka olmaydi o‘zini. Chunki ular mahallaning ko‘zi, qulog‘i, yuragi bir so‘z bilan aytganda vijdonidir.
Fanda margenallashuv degan atama bor. U jamiyatdan chetlashuv yolg‘izlanish, qiziqishning so‘nishi demakdir. U umidsizlikka, norozilikka yo‘l ochadi. Ayni paytda bolaning yakkalanib qolishi, o‘zini keraksiz va yaroqsizdek his etishiga, hatto o‘z joniga qasd qilishgacha olib boradi. Bolalarni hayotsevarlik ruhida tarbiyalashning omillari kitob mutolaasi, ularning qiziqishlariga qarab turli to‘garaklarga va har xil musobaqalarga jalb etishdir.
Lyumpenlashuv degan termin bolalarning yot va salbiy illatlarga tez beriluvchanlik mazmunini anglatadi. Har xil axborot xurujlari va tahdidlar ularning izdan chiqib ketishiga bois bo‘ladi. Bu esa turli jinoyatlarga yo‘l ochadi. Bu masalada ham oila, mahalla va ta’lim muassasasi aslo, befarq bo‘lishi mumkin emas.
Yoshlarga oid davlat siyosati, istang-istamang, ta’lim-tarbiya sifati va ta’sirchanligi masalasiga borib bog‘lanadi. Nima eksang, shuni o‘rasan. Xalqning bu naqli bejiz aytilmagan. Zamon bilan hamqadamlik, keng dunyoqarash, yuksak bilim, intellektual salohiyat, kreativlik, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yoshlarimizning ilmu amali, qalbu qiyofatiga ko‘chmasa maqsad sarobligicha qolaveradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. “Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”,- deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi ” - deya ta’kidlashlari o‘rinli. Shunday ekan, inson qalbiga ta’lim va tarbiya orqali yo‘l topish mumkinligi borasidagi haqiqatni unutmaslik zarur.
Jamiki narsa-hodisaning o‘z qulfu kaliti bo‘lganidek, muammolarning ham o‘z yechimlari bo‘ladi. Demak, ta’limning ochqichi nutq bilan, tarbiyaning tutqichi xulq bilan. Muloqotning kaliti nutq, muomalaning kaliti xulq. Xo‘sh, aytingchi, nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lmagan avlodni barkamol, insonni komil deyish mumkinmikan. Bu esa yoshlarni jipslashtirish va intellektual qobiliyatlarini oshirishga daxldor muhim mezonlardan biri.
Mashhur ispan rassomi va haykaltaroshi Pikasso “Har bir bola ijodkor bo‘lib tug‘iladi. O‘smirlikka o‘tish jarayonida shu ijodkorlikni saqlab qolish asosiy muammo” – deydi. Bolalikda, maktab davrida uyushgan bolalarning o‘smirlik paytida o‘zgarib qolishi ularning o‘tish davridagi holati, balog‘atga yetishi, ruhiy va hissiy tuyg‘ularidagi evrilishlar bilan ham bog‘liqligini tushunish mumkin.
To‘g‘ri yo‘nalishda ta’lim va tarbiya olgan o‘quvchi nomaqbul yo‘lga kirmasligi ayon. Buning uchun ularga yaqinlashish, ularni o‘ylantirayotgan muammolar bilan qiziqish va birgalikda hal etish yoshlar jipsligini tashkil etishning, ertangi kunga ishonch va umid bilan qarashlarining asoslaridan biri.
“Biz yoshlarga mana shunday bepisand, begona munosabatda bo‘lsak, oqibati nima bo‘lishi aniq – ular ham bizdan begonalashadi. O‘qishdan, ishdan, jamiyatdan, davlatdan, boringki, hayotdan ko‘ngli sovib, xalqimiz iborasi bilan aytganda, qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga uradi.” Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgan bu fikr yoshlar muammolarini yechish uchun muhim ochqich vazifasini o‘tashi muqarrar.
Ehtiyoj insonni ixtirochiga aylantiradi degan hikmat bor. Yoshlarning ta’lim olish, yashash va hordiq chiqazish kabi ma’naviy-moddiy ehtiyojlari bilan qiziqmaslik kelajagimizga e’tiborsizlikdan boshqa narsa emas. Yoshlarning ish bilan bandligi tizimi doimo dolzarb. Ular uchun mo‘ljallangan to‘garak va klublar faoliyati yoshlarni bir tashkilotga “ixtiyoriy-majburiy” asosda birlashtirish emas, aksincha, ularning orzu-intilishlari, hayotiy va kasbiy qiziqish doirasi, ijtimoiy maqsadlari bo‘yicha uyushtirish to‘g‘ri bo‘ladi, degan fikr va takliflarning ilgari surilishi bejiz emas.
Jamiyatning nozik halqasi yoshlarimiz ongu shuuriga ta’sir etuvchi turli axborot xurujlari kuchayayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buning uchun ularning “jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurasha olish” iqtidorini, kommunikativ kompetensiyasini oshirish kerak. “Mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuchga ega” ekanligining o‘ziyoq, hushyorlik va ogohlikka chorlaydi.
Ushbu hujjatli filmning mahallalarda, ta’lim muassasalarda qo‘yilishi maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi va qaror qilindi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov va
4 – TTJ tarbiyachi pedagogi Javlonbek Qutlimurotovlar axboroti.