Texnika fanlari doktori, professor Mirziyod Mirsaidov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandi

 

Texnika fanlari doktori, professor Mirziyod Mirsaidov

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan Nazariy va qurilish mexanikasi kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Mirziyod Mirsaidov texnika fanlari bo‘yicha AKADEMIK etib tasdiqlandi.

M.Mirsaidov 1948 yilda tug‘ilgan. U 1971 yilda Toshkent politexnika institutini injener-mexanik ixtisosligi, 1986 yilda Toshkent Davlat universitetini matematika ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. 1971 yilda o‘zining mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida muhandisdan boshlab, laboratoriya mudiri lavozimigacha bo‘lgan bosqichlarda ishlagan. 1991 yildan hozirgi kungacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Gidrotexnika kurilishi fakultetining “Nazariy va kurilish mexanikasi” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

1976 yilda nomzodlik, 1986 yilda esa “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi”  ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1986 yilda unga shu ixtisoslik bo‘yicha katta ilmiy xodim, 1991 yilda esa professor ilmiy unvonlari berilgan.

Professor M.Mirsaidov “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” va “Inshootlar dinamikasi” sohalarining nazariyasi va amaliyotiga salmoqli hissa qo‘shgan o‘z ilmiy maktabiga ega taniqli olimlardan biri hisoblanadi. M.Mirsaidov va shogirdlari tomonidan ”Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” va “Gidrotexnika inshootlar dinamikasi” yunalishlari  bo‘yicha olingan ilmiy natijalar, ishlab chiqilgan nazariya va uslublar texnika fanlaridagi taqdiqotlarning asosini tashkil qiladi.

M.Mirsaidov tomonidan katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan yangi istiqbolli ilmiy yo‘nalishlar yaratilgan, ya’ni:

-gruntli inshootlar dinamikasini baholashda energiyaning to‘lqin ko‘rinishida chiqib ketishini hisobga oluvchi nazariya va hisoblash usuli ishlab chiqilgan;

-gruntli to‘g‘onlar dinamikasining uch o‘lchovli masalasini yechishda geometrik va fizik chiziqsizlikni hisobga oluvchi va gruntli tug‘onlarning suv bilan o‘zaro ta’sirini hisobga oluvchi uslub ishlab chiqilgan;

-gruntli to‘g‘onlar mustahkamligini baholashni 4 ta kriteriya asosida amalga oshirish va mustahkamligini oshirish uchun seysmobelbog‘lar qo‘llash mumkinligi nazariy jihatdan ko‘rsatib berilgan;

-gruntli to‘g‘onlarda juft xususiy chastotalarni mavjudligi rezonans rejimlarida mustahkamlikka juda katta ta’sir ko‘rsatish xodisasi aniqlangan.  

M.Mirsaidovning ilmiy  rahbarligida 13 ta fan nomzodi, 3 ta fon doktori tayyorlangan va ular hozirgi kunda Respublikamizning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatib kelmokdalar.

M.Mirsaidov o‘z shogirdlari bilan birga davlat byudjeti va grantlar asosida (fundamental tadqiqotlar: № KX-4FT-02- 2007-2011yy.; № KXF-4-001-2012-2016 yy.; amaliy tadqiqotlar: №A-5-098-2006-2008 yy.; № XA-15-033-2009-2011yy.; XA-3-008-2015 - 2015-2017 yy.) bajariladigan ilmiy ishlarda ilmiy raxbar sifatida faol qatnashib kelmoqda.

M.Mirsaidov 200 dan ortiq ilmiy ishlar, shulardan 6 tasi monografiya, 13 tasi darslik va o‘quv qo‘llanmalar hamda 20 tadan ko‘proq avtorlik guvohnomalari muallifidir. Chop qilingan darslik va o‘quv qo‘llanmalarning 6 tasi Qozog‘iston Respublikasida qozoq tiliga tarjima qilingan. Olib borilgan ilmiy ish natijalari bo‘yicha oxirgi uch yilda 15 dan ortiq ilmiy maqolalar chet ellarda (Yaponiya, Singapur, Italiya, Avstriya, Xorvatiya, Rossiya, Ukraina davlatlarida) ingliz tillarida chop qilgan.

Shu bilan birga 2015 yilda Germaniyada ingliz tilida 341 betlik “Theory and Methods of Strength Assessment of Earth  Dams”. Lambert Academic Publishing/ Saarbrucken/Deutschland/ Germany/ nomli monografiyani chop qilishga erishdi.

Professor M.Mirsaidov tomonidan ishlab chiqilgan nazariya va usullar gidrotexnika qurilishida hamda qurilish bo‘yicha loyiha tashkilotlarida amaliyotda qo‘llash uchun topshirilgan. Shuningdek ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar chop qilingan darslik hamda o‘quv qo‘llanmalarga kiritilgan. Uning 2011 yilda chop qilingan “Materiallar qarshiligi” fanidan darsligi, 2012 yilda chop qilingan “Nazariy mexanika” fanidan o‘quv qo‘llanmasi va 2014 yilda chop qilingan “Inshootlar zilzilabardoshligi” fanidan o‘quv qo‘llanmalari Respublikamizda eng yaxshi darslik va o‘quv qo‘llanma deb tan olingan.

M.Mirsaidov asosiy vazifasidan tashqari jamoat ishlarida ham faol qatnashadi. U O‘zR Oliy Kengashining (1990-1995 y.y.) Xalq deputati, Fan va ekologiya qo‘mita a’zosi, O‘zR Oliy Attestatsiya komissiyasining texnika fanlari bo‘yicha ekspert kengashi raisi (1991-1997 y.y.) hamda 1995-2011 yilgacha O‘zR OAK Ilmiy kengashining a’zosi. O‘zR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti qoshidagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinadigan maxsus kengash raisi (2009-2012 y.y.). Hozirgi kunda TIQXMMI, TDTU va O‘zMU qoshidagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar a’zosi, TIQXMMI ilmiy va ilmiy-texnik kengashlarining a’zosidir.

M.Mirsaidov 1992 va 2011 yillarda “Mustaqillik” uchun ta’sis etilgan ko‘krak nishoni, 2017 yilda  “Uzbekiston konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni, 2000 yilda O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim fidoyisi” nishoni, 2006 yilda faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan.

Institut jamoasi akademik Mirziyod Mirsaidovga uzoq umr, sixat – salomatlik tilab, ilm-fan, ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borishni rejalashtirgan ishlarini amalga oshirishiga muvaffaqiyatlar tilaydi.