Akademik Mirziyod Mirsaidov Yashnobod politexnika kasb-hunar kollej o'quvchilari bilan uchrashuvi 

Bu uchrashuvda yosh o‘qituvchilar va kollejning iqtidorli o‘quvchilari qatnashdilar. Uchrashuvni kollej direktori Zokir Gafurovich G‘aniev ochib, so‘zni akademik M.Mirsaidovga berdi. Bu uchrashuvda TIQXMMI professori, t.f.d. T.M.Mavlonov ham ishtirok etdi.

Uchrashuvga o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi xodimlari, Yashnobod tuman maorif bo‘limi xodimlari va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi taklif qilingan bo‘lishiga qaramasdan, ming afsuslar bo‘lsinki ularning birortasi ham bu uchrashuvga kelishmadi.

M.Mirsaidov akademiklarni maktab va kasb-hunar kollejlarida uchrashuvlar o‘tkazishdan  oldin ularni O‘zR FA yuqori darajada ishlayotgan institutlari bilan, ya’ni Yuqori texnologiyalar markazi, Genomika va bioinformatika instituti, Xalqaro quyosh ilmiy-tadqiqot instituti va Sharqshunoslik institutlarida erishilgan va bajarilayotgan ishlar bilan tanishtirganligi va u yerda yuqori salohiyat bilan ishlayotgan yoshlar hamda ular  erishayotgan yutuqlari to‘g‘risida gapirib, bunday yoshlar bilan har qancha g‘ururlansa  arziydi deb aytdi.

M.Mirsaidov o‘z so‘zida Prezidentimizning yoshlarni kelgusida ilm-fan bilan shug‘ilannishga,  fanda erishilgan yutuqlarni amaliyotga tadbiq qilinishiga va  yuqori natijalarga erishgan ilmiy xodimlar albatta kelgusida taqdirlanishiga to‘la imkoniyat yaratayotganliklarini, bunga misol qilib, Fanlar akademiyasi institutlarini tag‘in akademiya tarkibiga qaytarilganligini, Akademiyaning yangi ustavini tasdiqlanganligini, Akademiya saylov nizomini tubdan o‘zgartirilib  demokratlashtirilganligini va yangi akademiklarni saylanganligini aytib o‘tdi.

M.Mirsaidov uchrashuvga to‘plangan kollej o‘quvchi-yoshlariga ham kelgusida  yuqorida aytib o‘tilgan yoshlar  qatoridan joy olib, kelgusida ular orasidan  Al-Xorazmiy, Mirzo Ulugbeklarga  o‘xshagan buyuk olimlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi. Ularga Respublikamiz Prezidenti tomonidan yaratilayotgan sharoitlardan, vaqtdan unumli foydalanib, Respublikamiz ravnaqi uchun o‘z hissalarini yaxshi o‘qishlari, ilm-fanning yuqori cho‘qqilarini egallashlari orqali qo‘shishlari kerakligini takidladi.

Professor T.Mavlonov ham so‘zga chiqib, u uz  nutkida yoshlarni odobli, ma’rifatli bo‘lishga, ko‘proq kitob o‘qish kerakligi haqida gapirib,  bizning ajdodlarimiz o‘qimishli - ulug‘ odamlar bo‘lganini aytib, o‘quvchilarga buyuk ajdodlarimizdek o‘qimishli, bilimli va vatanimizga sodiq farzandlar bo‘lishlari kerakligini takidladi.

  

O‘quvchi-yoshlar va kollej xodimlari tomonidan uchuvchi kasbini egallash uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, olim, akademik bo‘lish uchun qanday yo‘l tutish zarur, grajdan aviatsiyasi samolyotlarini boshqarishga o‘qish uchun nima qilish kerakligi hakidagi va boshqa ko‘pgina savollarga M.Mirsaidov tomonidan batafsil to‘liq javoblar qaytarildi.

Kollej direktori Z.G.G‘aniev kollejda mavjud o‘quv laboratoriyalari, kollejda o‘quvchilar o‘z tajribasini oshirishlari uchun yaratilgan amaliyot bazasi va kollej o‘quvchilari o‘z qo‘llari bilan yasagan turli buyumlar bilan  uchrashuv mehmonlarini tanishtirdi.

Kollej o‘quvchilari  yoshlarga berilayotgan katta e’tibor uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Bu suhbatdan keyin M.Mirsaidov  kollej bibliotekasiga O‘zbekiston yozuvchi va shoirlarining kitoblarini (roman va she’riy to‘plamlarni) sovg‘a qildi.

 

                O‘quv-metodika boshqarmasi   D.Xodjaev