Ayol – jamiyatning gultoji

U millat davomchisi, hayotimiz, xonadonimizni ezgulik, yaxshilik, mehr-muhabbat, iffatu nafosat nuri ila munavvar qiladigan muqaddas zotdir.

Jamiyat hayotidagi faolligi, mehnatdagi fidokorligi, ta’lim va tarbiyani targ‘iboti bobidagi yetukligi bilan ajralib turgan olima ayollarimizdan biri Jamila Shermuhammedova bo‘lsa, ikkinchisi iqtidorli san’atkor, O‘zbekistonda xizmati ko‘rsatgan artist Ra’noxon Yarashevadir. Institutimizda tashkil etilgan “Ibratli, iste’dodli, ijodkor insonlar” ruknidagi ma’naviy va ma’rifiy tadbirimizning bu galgi mehmonlari ular bo‘ldilar.

Obod turmushimizni hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lmish muhtarama ayollarimizning oila va jamiyatdagi faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayolni ulug‘lash – oilani, Vatanni, hayotni ulug‘lash demakdir. Zeroki, onalarimiz, suluv opa-singillarimiz fazilatlariga baxshida diltortar kuy va qo‘shiqlar, she’ru dostonlar yaratilgan.

Tadbir mehmonlarining chiqishlarida ana shu mulohazalar bot-bot qayd etildi. Savol va javoblar yo‘sinida o‘tkazilgan tadbir ko‘pchilikuda iliq taassurot qoldirdi.

  

O‘z ijodi bilan kaminani ham mahliyo va maftun etgan iste’dodli shoiralarimizdan Malikaxonim Salimova hamda Xolbibi Sa’dinovalarning tashriflaridan boshim ko‘kka yetdi. Ularni ham bayramlari bilan samimiy muborakbod etaman. Ular ijodida doimo nahoriy tiniqlik va bahoriy iliqlikni tuyaman.

Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdievaning ushbu faxriyasi suyukli ayollarimizga qo‘yilgan haykal desak mubolag‘a bo‘lmas.

Sen daryosan, o‘pganini qirg‘oq yashirar,
Juftim bo‘l,- deb chopganini har toq yashirar,
Jannatim,- deb quvonmasdan qumloq yashirar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen,
Rostu yolg‘on ertaklarning borar yeri Sen,
Asov o‘tday erkaklarning borar yeri Sen,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da,
Mast davrada bir sarin yel, bir tor kelsang-da,
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh,
Ming yillikdir ko‘zingdagi jovdiragan yosh,
Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor,
Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!

 

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov