Loqaydlik illati
18 aprel kuni 2- Talabalar turar joyi da "Befarqlik- illat" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Tasodifan sigareta chekayotgan do’stingizni ko‘rib qoldingiz. Spirtli ichimlik iste’mol qilayotgan o‘spirin bilan yuzma-yuz keldingiz. Shunday vaziyatda befarq o‘tib ketsangiz kelajak oldida gunohkor bo‘lib qolasiz...
Tamaki va spirtli ichimliklarining inson organizmiga, ayniqsa, ulg‘ayayotgan bola sog‘ligiga qanchalar zarar keltirishini tibbiyot allaqachon isbotlagan.
Gohida ko‘chada sigaret tutatayotgan bolaga ko‘zimiz tushadi. Uni to‘xtatib, pand-nasihat qilsak, qilayotgan ishi nafaqat sog‘lig‘iga, balki atrofdagilarga ham salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligini aytsak bundan, albatta natija chiqadi.
Sigareta chekayotgan, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilayotgan bolani ko‘rganingizda bunga befarq bo’lmang. Shunda o‘sha bolaga tanbeh berishga, uni bu yo‘ldan qaytarishga sizda majburiyat paydo bo‘lsin.
Maktabdan tamaki va spirtli mahsulotlarning zararli ekanligi haqida tinimsiz uqtirilgan. Ammo bu salbiy odat hamon uchrayotgan ekan, shunchaki uqtirishning o‘zi kifoya qilmaydi.
Bolani bu kabi zararli odatlardan himoyalash, uning qalbida bunga qarshi o‘ziga xos «filtr»ni shakllantirish uchun unga alohida yondashuv bo‘lishi lozim. Ana shunda biz sog‘lom bolalarni tarbiyalaymiz, sog‘lom jamiyatning shakllanishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Uyda ota-ona, ta’limgohda o‘qituvchilar, mahallada qo‘shnilar bolaning nima qilayotganidan xabardor bo‘lib turishsa, bu boradagi juda ko‘p muammolar o‘z yechimini topadi.
Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Yurtimizda o‘sib ulg‘ayayotgan har bir bola bizning farzandimiz. Uning kelajakda kim bo‘lishi barchamiz uchun muhim. Farzandlarimizni turli zararli odatlardan saqlash, ular ongida sog‘lom turmush tarzini, sportga muhabbatni shakllantirish har bir fuqaroning insoniy burchidir.
QSXET Fakulteti talabalari ana shular haqida batafsil ma’lumotlar olishdi.
Tarbiyachi pedagog, psixolog Sagdullayeva Dilorom axboroti
Institut matbuot kotibi Raximboy Jumaniyozov