“CONMECHYDRO-2020” nomli Xalqaro ilmiy konferensiya boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 23-25 aprel kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tashkil etilgan “CONMECHYDRO-2020” nomli Xalqaro ilmiy konferensiya onlayn tizimida uch kun davom etib, bunda dunyoning eng kuchli 400 ta oliy o‘quv yurtlari tarkibidagi Buyuk Pyotr nomidagi Sankt Peterburg politexnika universiteti, Qozoq-Nemis Universiteti, “Gidroproekt” Aksionerlik jamiyati hamkorligining natijalarini ko‘rish mumkin. «Construction Mechanics, Hydraulics and Water Resources Engineering (CONMECHYDRO-2020) “Qurilish, gidrotexnika, suv resurslari” nomli Xalqaro ilmiy konferensiyaning Tashkiliy qo‘mitasi Covid-19 infeksiyasi dunyo bo‘ylab tarqalishi natijasida yuzaga kelgan noxush holatni inobatga olib, Xalqaro ilmiy konferensiya faoliyatida masofada turib ishtirok etish, saytga (http://conmechydro.spbstu.ru/) qo‘yilgan maqolalar ro‘yxati (https://drive.google.com/open?id=1PTUBZuu-5Adi4SdWNOAuRyfzjDk2nCaf), to‘liq matni (https://drive.google.com/open?id=18sSBVjXCQcyBNaSJ9t0G5NIGgE3CMpH) va prezentatsiyalari (https://drive.google.com/open?id=1awUjJKrnMNPALO-i-ohY0IsQM7ihiUKo) bilan tanishish, qiziqtirgan savollarga mualliflardan javob olish uchun barcha (conmechydro_2020@mail.ru) imkoniyatlarni yaratdi.

Konferensiya saytiga ta’sischilar, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidan xalqaro ilmiy konferensiyaning tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim bo‘yicha respublika kengashi raisi, rektor, iqtisod fanlari doktori, professor O‘ktam Pardayevich Umurzoqov, “GIDROPROEKT” AJ direktori Alibek Ilhomovich Axmedov, Qozoq-nemis universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, yuridik fanlari doktori Barbara Yanush-Pavlettaning, konferensiyaning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tabrik so‘zlari qo‘yildi.

Konferensiyaning uch kunlik faoliyati davomida jami 329 ta maqola masofadan turib, onlayn tarzda to‘rtta sho‘bada muhokamadan o‘tkazildi, jumladan: Gidrotexnika va melioratsiya qurilishi bo‘yicha 105 ta, Suv resurslarini o‘rnatilgan tartibda boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekologiya va gidroenergetika yuzasidan 51 ta, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, elektrifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha 130 ta, Yo‘l qurilishi, qurilish konstruksiyalari va materiallar yuzasidan 43 ta maqolaning sinchkovlik bilan, xolisona tarzda ko‘rib chiqilib ular yuzasidan tahliliy va tanqidiy mulohazalarning bildirilishi e’tiborlidir.

Muhokama jarayonida tashkiliy qo‘mitaning elektron manziliga 6748 ta savollar kelgani unga bo‘lgan e’tibor va jarayonning jonli bo‘lganini bildiradi.  Xalqaro ekspertlarning atroflicha chuqur tahlillari va muhokamalarining natijasi o‘laroq, jami 256 ta maqola chop etishga tavsiya qilindi. Bu keng muhokama va bahslardan keyingi natija, albatta. Ilmiy natijalarni O‘rta Osiyo, Kavkaz, Suriya va O‘zbekistonda ishlab chiqarishda qo‘llash yoki tadqiqotlarni davom ettirish bo‘yicha tashkilotlardan berilgan takliflar soni to‘qqizta bo‘lgani ham ahamiyatlidir. Ushbu ilmiy konferensiya nufuzini belgilaydigan omillardan biri shuki unda ilmiy qo‘mita vakillari va maqolalar mualliflari 24 ta mamlakatning vakillari ekanidir. Jumladan, O‘zbekiston. Rossiya, Armaniston, Avstraliya, Belorusiya, Bolgariya, Xitoy, Chexoslovakiya, Fransiya, Gruziya, Germaniya, Eron, Qozog‘iston, Litva, Mongoliya, Polsha, Portugaliya, Suriya, Tojikiston, Ukraina, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Vetnam mamlakatlari olimlarining o‘zaro tajriba almashishi, fikr-mulohazalari, muhokama va takliflari barcha uchun o‘zro manfaatli bo‘lgani sir emas. Muhokamadan o‘tgan ilmiy maqolalarning Scopus, Web of Science xalqaro bazalar ro‘yxatidagi nufuzli ilmiy-texnik jurnallarda chop etilishi ham alohida qiymatga ega.

TIQXMMI matbuot xizmati