Doktorantura yo‘nalishidagi hamkorlik
Ta’lim bosqichlarining turli pog‘onalari bilim egallash va uni amaliyotga qo‘llash darajalari bilan bog‘liq. Doktorantura ta’limi ilmiy ma’lumot, nazariy qonuniyat va amaliy faoliyatning yuqori darajasi sifatida ahamiyatga molik.
Yevropa Ittifoqi ko‘magida ochilayotgan doktorantura ta’limi ana shunday mohiyatga ega. 11-12 yanvar kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Yevropaning “Erasmus+” dasturi asosida ochilgan, yangi DSinGIS (Geoinformatika sohasida doktorantura) loyihasining dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Yevropaning nufuzli ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 4 ta Oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, 5 ta O‘zbekistondagi universitet va institutlar, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda bir qator hamkor tashkilot va muassasalar ishtirok etdilar.
Yig‘ilishning birinchi kunida loyihaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda institutimiz rektori O‘ktam Pardaevich Umurzakov tantanali ravishda loyihani ochib berdi. Shundan so‘ng asosiy qismga o‘tildi. Ushbu loyiha 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, yig‘ilishda loyihaning kelasi yillarda loyiha doirasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar hamda uning ishchi rejasi tuzilib chiqildi.
Loyihaning maqsadi – Geoaxborot tizimining ilmiy asoslari (GAT) orqali O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va Geoinformatika sohasida yangi doktarantura mutaxassisligini ochish hamda ularni ilmiy salohiyatini oshirishdan iboratdir. Loyihadan bir qancha yuqori sifatga ega bo‘lgan natijalar kutilmoqda.
Jumladan: GIS dasturini tatbiq etish sohasida doimiy kasbiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi yangi doktorlik dasturini, innovatsion doktorlik dasturlarini va usullarini ishlab chiqish; Axborot va komunikatsiya texnologiyalari bazasida kengaytirilgan o‘quv va ilmiy-tadqiqot muhitini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustakamlash; GAT bo‘yicha O‘zbekistondagi hamkor universitetlarning akademik va ilmiy xodimlarining ilmiy darajasini o‘rganish; O‘zbekistonlik olimlar e’tiborini xalqaro tartib-qoidalarga asoslangan Geoaxborot tizimining ilmiy asoslarida doktorlik va tadqiqot ishiga qaratish; Professor-o‘qituvchilar va doktorantlarni Geoaxborot tizimining ilmiy asoslariga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etishini ta’minlash. Yig‘ilish so‘ngida mehmonlarga institut tomonidan esdalik sovg‘alar berildi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Abdurahmonov axboroti
Institut matbuot kotibi: Rahimboy Jumaniyozov